Fernandeshning qachon maydonga qaytishi maʼlum boʻldi
«Manchester Yunayted» klubi yarimhimoyachi va jamoa sardori Brunu Fernandesh 17 yanvar kuni bo‘lib o‘tadigan Angliya chempionatining 22-turi doirasidagi «Manchester Siti»ga qarshi uchrashuvga qadar jarohatdan tiklanishiga umid qilmoqda. Bu haqda The Times nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, portugaliyalik xavbek taxminan beshta o‘yinni o‘tkazib yuboradi. Ulardan to‘rttasi Angliya Premyer-ligasi, bittasi esa Angliya Kubogi doirasidagi uchrashuvga to‘g‘ri keladi.
Qayd etilishicha, Brunu Fernandesh Angliya chempionatining 17-turi doirasida «Aston Villa»ga qarshi bahsda (2:1) yumshoq to‘qimalaridan jarohat olgan va tanaffusda almashtirilgan. Shuningdek, futbolchining jarohati dastlab taxmin qilinganchalik jiddiy emasligi ta’kidlanmoqda.
Ma’lumot uchun, Brunu Fernandesh «Manchester Yunayted» safiga 2020 yil qishida kelib qo‘shilgan.