«Fenerbahche» «Barselona»ning ikki yulduzini oʻz safiga qoʻshib olmoqchi
«Fenerbahche» «Barselona»ning ikki futbolchisi — himoyachi Andreas Kristensen va hujumchi Robert Levandovskini o‘z safiga qo‘shib olishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Turkiyaning Haberler nashri maʼlum qildi.
Manbaga ko‘ra, Kristensen allaqachon jamoani o‘zgartirishga tayyor ekanini bildirgan. Shuningdek, Istanbul klubi vakillari Robert Levandovski agentlari bilan dastlabki aloqani o‘rnatgan.
Polshalik forvard katalon klubi safida qolish istagini ilgari bildirgan bo‘lsa-da, hozirda u turli variantlarni ko‘rib chiqishga tayyorligi aytilmoqda.
Maʼlumot uchun, Levandovski va Kristensenning amaldagi shartnomalari 2026 yil iyuniga qadar mo‘ljallangan. Joriy mavsumda Levandovski «Barselona» safida 12 uchrashuvda maydonga tushib, 7 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan.