locale OZ

Enrike va Emeri tarixiy rekordlar sari: UEFA Superkubogida Mourino va Zidan natijalari yangilanadimi?

Har ikki ispaniyalik mutaxassis yangi rekordlar o‘rnatish imkoniyatiga ega.
Enrike va Emeri tarixiy rekordlar sari: UEFA Superkubogida Mourino va Zidan natijalari yangilanadimi?
photo: gettyimages
UEFA Superkubogi
12.08.2026, 15.00
Paris Saint-Germain
-
Aston Villa
-

Bugun Avstriyaning Zalsburg shahrida bo‘lib o‘tadigan UEFA Superkubogi bahsi nafaqat «Pari Sen-Jermen» va «Aston Villa», balki ularning bosh murabbiylari Luis Enrike hamda Unai Emeri uchun ham tarixiy ahamiyat kasb etadi.

Har ikki ispaniyalik mutaxassis yangi rekordlar o‘rnatish imkoniyatiga ega.

Emeri nihoyat Superkubokni qo'lga kirita oladimi?

Unai Emeri o‘tgan mavsumda UEFA Yevropa ligasidagi beshinchi chempionligini qo‘lga kiritib, ushbu musobaqa tarixidagi eng muvaffaqiyatli murabbiy maqomini yanada mustahkamladi.

Ammo UEFA Superkubogi uning faoliyatidagi eng omadsiz turnirlardan biri bo‘lib qolmoqda. Emeri shu paytgacha uch bor finalga chiqqan bo‘lsa-da, biror marta ham bosh sovrinni qo‘lga kirita olmagan.

Uning Superkubok finallaridagi natijalari:

  • 2014-yil – «Sevilya» boshqaruvida «Real Madrid»ga 0:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
  • 2015-yil – «Barselona»ga qarshi dramatik bahsda qo‘shimcha bo‘limlarda 4:5 hisobida yutqazdi.
  • 2021-yil – «Vilyarreal» bilan finalda yana mag‘lubiyatga uchradi.

Qizig‘i shundaki, Emeri 2016-yilda «Sevilya» bilan ketma-ket uchinchi Yevropa ligasi chempionligini qo‘lga kiritganidan so‘ng aynan bugungi raqibi — «Pari Sen-Jermen» bosh murabbiyiga aylangandi.

Oltinchi yevrokubok Emerini afsonalar qatoriga olib chiqadi

Agar Emeri UEFA Superkubogida g‘olib chiqsa, u murabbiy sifatidagi oltinchi UEFA kubogini qo‘lga kiritadi.

Hozirda u Bob Peysli, Zinedin Zidan, Nereo Rokko, Joze Mourino va Lui van Gal bilan bir qatorda beshtadan UEFA sovriniga ega murabbiylar safida turibdi.

Yangi g‘alaba esa unga italiyalik afsona Arrigo Sakki bilan tenglashish imkonini beradi.

UEFA musobaqalarida eng ko‘p sovrin yutgan murabbiylar:

  • Karlo Anchelotti — 11 ta
  • Pep Gvardiola — 7 ta
  • Ser Aleks Fergyuson — 7 ta
  • Jovanni Trapattoni — 7 ta
  • Arrigo Sakki — 6 ta

Luis Enrike ham tarix sahifalariga kirishi mumkin

PSJ bosh murabbiyi Luis Enrike ham UEFA Superkubogida navbatdagi tarixiy natijaga yaqin turibdi.

U bungacha:

  • 2015-yilda «Barselona» bilan;
  • 2025-yilda «Pari Sen-Jermen» bilan

UEFA Superkubogini qo‘lga kiritgan.

Bundan tashqari, Enrike 1997-yilda futbolchi sifatida ham ushbu sovringa ega chiqqan.

Agar bugungi finalda PSJ g‘alaba qozonsa, Luis Enrike murabbiy sifatida uchinchi UEFA Superkubogini qo‘lga kiritadi va bu natija bilan tarixda uch yoki undan ortiq marta ushbu turnirda zafar quchgan uchinchi murabbiyga aylanadi.

Hozircha bu natijaga faqat:

  • Karlo Anchelotti — 5 marta;
  • Pep Gvardiola — 4 marta

erishgan.

Shunday qilib, Zalsburgdagi UEFA Superkubogi bahsi nafaqat yangi mavsumning ilk sovrini, balki murabbiylar tarixida yangi rekordlar yozilishi mumkin bo‘lgan muhim uchrashuv sifatida ham e'tibor markazida bo‘ladi.

Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting