Endrik qishki transferlar oynasida «Real Madrid»ni tark etishi mumkin
Madridning «Real» klubi hujumchisi Endrik qishki transferlar vaqtida jamoani tark etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Sky Sports nashri xabar berdi.
Manbaga koʻra, 19 yoshli braziliyalik futbolchi bosh murabbiy Xabi Alonsoning rejalariga kiritilmagan va joriy mavsumda hali bir daqiqa ham asosiy jamoa safida maydonga tushmagan.
Endrik oʻz holatidan norozi va ijara asosida boshqa klubga oʻtish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda. «Real» rahbariyati ham futbolchi faoliyatini Bundesliganing biror jamoasida davom ettirish variantini istisno qilmayapti.
Maʼlumot uchun, Endrikning «Real» bilan tuzgan amaldagi shartnomasi 2030 yilga qadar moʻljallangan. U oʻtgan mavsum barcha turnirlarda 37 ta oʻyinda maydonga tushib, 7 ta golga mualliflik qilgan.