Eldor Shomurodov: Maydonda to‘liq kuch bilan o‘ynash kerak – siri shunda
“Roma” va O‘zbekiston terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov Italiya chempionatining “Fiorentina”ga qarshi oʻyini oldidan Sky Sports va DAZN telekanallariga qisqa intervyu berdi. Suhbat davomida u jamoa uslubi, Artyom Dovbik bilan hamkorlik va murabbiy Klaudio Raneri bilan ish haqida fikr bildirdi.
“Roma”ning hujumkor oʻyini haqida:
“Ha, bunday oʻyin menga yoqadi. Biz kim maydonga tushishidan qatʼi nazar, hujumkor oʻynaymiz. Eng muhimi — gʻalaba”, — dedi Eldor jamoa xarakterini taʼkidlar ekan.
Artyom Dovbik bilan hamkorlik haqida:
“Ikki markaziy hujumchi bilan oʻynash raqiblarni qoʻrqitadimi?” degan savolga Eldor shunday javob berdi: “Yoʻq, biz xotirjamiz. Dovbik bilan bir-birimizni yaxshi tushunamiz, koʻp gaplashamiz. Qaysi jamoaga qarshi oʻynashimiz muhim emas — biz tayyormiz”.
Klaudio Raneri haqida:
“Ustoz — juda ajoyib inson. U nima talab qilayotganini yaxshi tushunaman va shuni amalga oshirishga harakat qilaman”, — dedi Shomurodov. DAZN telekanali muxbiri “Raneri siri nima?” deb so‘raganida, Eldor shunday javob qaytardi: “Sirni ocholmayman. Maydonda bor kuchimizni berishimiz kerak — siri aynan shunda”.
Shomurodovning statistikasi:
Joriy mavsumda Eldor Shomurodov “Roma” safida 21 oʻyinda maydonga tushib, 4 gol va 3 golli pas bilan ajralgan.