Braziliya Anchelotti bilan shartnomani 2030 yilgacha uzaytirmoqchi — manba
Braziliya futbol konfederatsiyasi milliy jamoa bosh murabbiyi Karlo Anchelotti bilan yangi shartnoma borasida muzokaralar olib bormoqda. Tomonlar o‘rtasidagi kelishuv 2030 yilgacha mo‘ljallanishi mumkin. Bu haqda Globo nashri xabar bermoqda.
Italiyalik mutaxassis Braziliya milliy jamoasini 2025 yil may oyida qabul qilib olgan. Amaldagi shartnomaga ko‘ra, Anchelotti yiliga taxminan 10 mln yevro maosh oladi va bu uni milliy jamoalar orasidagi eng ko‘p maosh oluvchi murabbiyga aylantiradi.
Shuningdek, kelishuvda Braziliya 2026 yilgi jahon chempionatida g‘olib bo‘lsa, murabbiyga 5 mln yevro miqdorida bonus to‘lanishi ham ko‘zda tutilgan.
Braziliya futbol rahbariyati Anchelotti qisqa vaqt ichida sezilarli natijalarga erishganiga ishonch bildirmoqda. U terma jamoani yana to‘g‘ri yo‘lga qaytargani, shuningdek, bo‘lajak jahon chempionati oldidan muxlislar va mutaxassislar kutgan umidlarni oshirgani ta’kidlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2026 yilgi Jahon chempionatida Braziliya terma jamoasi C guruhida Marokash, Gaiti va Shotlandiya milliy jamoalariga qarshi bahs olib boradi.