«Borussiya Dortmund» «Real»ga Kamavinga borasida soʻrov joʻnatdi, ammo rad javobini oldi
Dortmundning «Borussiya» klubi yarim himoyachi Eduardu Kamavinganing jamoadagi holatini bilish maqsadida Madridning «Real» klubiga murojaat qildi. Oʻz navbatida, «Qirollik klubi» fransiyalik futbolchi ayni damda sotilmasligini ma’lum qilgan. Bu haqda ispaniyalik jurnalist Ramon Alvares de Mon xabar berdi.
Avvalroq OAVda «qaymoqranglilar» Kamavingani sotish variantini koʻrib chiqishga tayyor ekanligi haqida xabarlar tarqalgan edi. Oʻshanda 23 yoshli futbolchining xizmatlariga «Manchester Yunayted», «Liverpul» va «PSJ» klublari jiddiy qiziqish bildirayotgani ta’kidlangandi.
Ma’lumot uchun, Kamavinga joriy mavsumda barcha turnirlar doirasida 42 ta oʻyinda maydonga tushib, 2 ta gol va 1 ta golli uzatmaga mualliflik qildi. Futbolchining madridliklar bilan amaldagi shartnomasi 2029 yilning yoziga qadar moʻljallangan. Transfermarkt portali bergan ma’lumotlarga koʻra, uning ayni paytdagi bozor qiymati 50 million yevroni tashkil etadi.