Bernardu Silva faoliyatini Saudiyada davom ettirishi mumkin
“Manchester City” yarim himoyachisi Bernardu Silva kelasi yilda Evropani tark etib, Saudiya chempionatiga yo‘l olishi mumkin. Bu haqda TalkSPORT xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, 31 yoshli futbolchi Saudiya Arabistoniga o‘tish variantini jiddiy ko‘rib chiqmoqda. Mamlakatning bir necha klublari uzoq vaqtdan beri Silva bilan shartnoma imzolashga harakat qilib kelmoqda.
“Al-Hilol” 2023 yilda unga haftasiga 500 ming funt sterling maosh hamda shartnoma imzolagani uchun 2 million funt sterling bonus taklif qilgan edi.
Hozirda ham unga bir necha jamoalar tomonidan takliflar bor. Agar muzokaralar ijobiy yakunlansa, futbolchi 2026 yilgi jahon chempionatidan so‘ng faoliyatini Yaqin Sharqda davom ettirishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Bernardu Silva 2017-yildan buyon “Manchester City” sharafini himoya qilib kelmoqda. Joriy mavsumda u 7 ta uchrashuvda maydonga tushib, 1 ta golli uzatma muallifi bo‘lgan. Transfermarkt portali futbolchining qiymatini 38 million yevroga baholamoqda.