Basketbol va futbol bo‘yicha «Real Madrid» 16 yil ichida ilk bor mavsumni sovrinsiz yakunladi
2025/2026-yilgi futbol va basketbol mavsumi Madridning «Real» klubiga 16 yil ichida ilk bor ushbu sport turlarida birorta ham sovrin keltirmadi.
Madridlik futbolchilar 38 ta oʻyinda 86 ochko toʻplab, La Ligada ikkinchi oʻrinni egalladi. Musobaqa yakunida 94 ochko jamgʻargan «Barselona» chempion boʻldi. Chempionlar ligasida «Real» 1/4 final bosqichiga qadar yetib bordi va u yerda Myunxenning «Bavariya»siga ikki oʻyin natijasiga koʻra 4:6 hisobida yutqazdi. Ispaniya kubogida madridliklar 1/8 finalda sensatsion tarzda «Albasete»ga (2:3) magʻlub boʻldi, Superkubok finalida esa «Barselona»ga 2:3 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Basketbolchilar joriy mavsum Yevroliganing «Toʻrtlar finali»ga qadar yetib bordi va u yerda «Olimpiakos»ga 85:92 hisobida imkoniyatni boy berdi. Ichki chempionatda (ACB ligasi) «Real» pley-offning 1/4 finalida «Tenerife»ga 95:107 hisobida yutqazdi. Qirol kubogida «Real» basketbolchilari «Baskoniya»ga 89:100 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Soʻnggi bor «Real» 2009/2010-yilgi mavsum yakunlariga koʻra ham futbolda, ham basketbolda sovrinsiz qolgandi.