Barselona va Bavariya Vlahovich uchun kurashadi
“Barselona” va “Bavariya” klublari “Yuventus” hujumchisi Dushan Vlahovichni o‘z safiga qo‘shib olishni istamoqda. Bu haqda insayder Nikolo Skira xabar berdi.
Manbada keltirilishicha, har ikki klub ham futbolchi bilan shartnoma imzolash imkoniyatlarini o‘rganib chiqmoqda.
25 yoshli serbiyalik hujumchining “Yuventus” bilan shartnomasi 2026 yilning yozida yakuniga yetadi. Biroq Vlahovich klub bilan yangi bitim imzolamasligi kutilmoqda.
Shu sababli “Barselona” va “Bavariya” futbolchini erkin agent sifatida tarkibga qo‘shib olish uchun harakat boshlagan.
Vlahovich joriy mavsum “Yuventus” safida jami 8 ta o‘yinda maydonga tushib, o‘z hisobiga 4 ta gol va 1 ta golli uzatma yozdirib qo‘ygan. Transfermarkt portali futbolchining qiymatini 35 million yevroga baholamoqda.