«Barselona» va «Atletiko» Kukurelyaga qiziqish bildirmoqda
“Barselona” hamda “Atletiko” klublari “Chelsi” himoyachisi Mark Kukurelyaga qiziqish bildirmoqda. Bu haqda Sky Sports nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, har ikki ispaniyalik grand 28 yoshli futbolchining atrofidagi vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda. Ayniqsa, “Atletiko” sport direktori Mateu Alemanu Kukurelyani uzoq vaqtdan beri yuqori baholab keladi.
“Barselona” ham himoyachiga bo‘lgan qiziqishini saqlab qolgan, biroq ayni paytda klubda boshqa transfer ustuvorliklari ham mavjud.
Qayd etilishicha, “Chelsi” joriy mavsumda Angliya Kubogi finalida mag‘lub bo‘lgan va APL jadvalida 8-o‘rinni egallab turibdi. Bu holat yozda tarkibda o‘zgarishlar bo‘lishiga turtki berishi mumkin.
Shu bilan birga, manbaga ko‘ra, “Chelsi” rahbariyati Kukurelya jamoada muhim o‘rin tutishiga qaramay, agar manfaatli taklif tushsa, uni sotish variantlarini ham ko‘rib chiqishi mumkin.