«Barselona» prezidentligiga nomzod: «Biz afsonalarimiz klubga yashirincha emas, balki munosib tarzda qaytishini istaymiz»
«Barselona» prezidentligiga nomzod Mark Siria kelasi yili bo‘lib o‘tadigan saylovlarda g‘alaba qozongan taqdirda, hujumchi Lionel Messini klubga qaytarish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishini ma’lum qildi.
«Biz afsonalarimiz klubga yashirincha, tun yarmida qaytishini emas, balki ochiq va munosib tarzda qaytishini istaymiz. Bunga erishish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz. Messi — bu klub uchun almashtirib bo‘lmas shaxs. U mustahkam qo‘llab-quvvatlash tizimi va yaxshi tashkil etilgan tuzilma bilan qaytishi kerak. Messi va “Barselona” o‘rtasidagi munosabatlar Maykl Jordan va Nike o‘rtasidagi aloqalarga o‘xshashi lozim. Bu faqat klubning tijoriy yoki institutsional doirasi bilan cheklanmasdan, homiylar va yosh futbolchilarni rivojlantirishni ham qamrab olishi kerak. Klub tarixidagi eng yaxshi futbolchi bilan biz juda ko‘p ishlarni amalga oshirishimiz va katta daromad topishimiz mumkin. Agar hozirgi moliyaviy holatdan chiqishni istasak, uning uyiga qaytishi nihoyatda muhim», — deya Sirianing so‘zlarini keltiradi ESPN.
Eslatib o‘tamiz, Lionel Messi 2000 yildan 2021 yilgacha katalon klub tizimida faoliyat yuritgan. Argentinalik futbolchi 778 ta o‘yinda 672 ta gol urib, «Barselona» tarixidagi eng yaxshi to‘purar hisoblanadi. U katalonlar safida to‘p surgan davrida yetti bor “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritgan.