«Barselona» Lautaro Martinesga qiziqish bildirmoqda
«Barselona» keyingi transfer oynalari uchun rejalashtirish ishlarini boshlab yubordi. Kataloniyaliklar uchun eng ustuvor vazifalardan biri — jahon darajasidagi markaziy hujumchini sotib olish.
ESPN jurnalisti Rudi Galettining xabariga ko‘ra, «Inter» hujumchisi Lautaro Martines «ko‘k-anorranglilar» ro‘yxatidagi asosiy nomzodlardan biri hisoblanadi.
Manbaga ko‘ra, 28 yoshli futbolchi klub sport direktori Dekuning bosh maqsadiga aylangan. Deko ayni paytda yangi top-hujumchini qidirish maqsadida bozorni faol o‘rganmoqda.
Lautaro joriy mavsumda barcha turnirlar doirasida 17 ta o‘yinda maydonga tushib, 10 ta gol va 2 ta golli uzatma qayd etdi. Uning klub bilan amaldagi shartnomasi 2029 yil yozigacha mo‘ljallangan. Transfermarkt portalidagi ma’lumotlarga ko‘ra, futbolchining bozor qiymati 85 million yevroni tashkil etadi.