«Barselona» «El Klasiko» mojarosidan keyin Yamalning baʼzi ommaviy tadbirlarini bekor qildi
«Barselona» rahbariyati 18 yoshli hujumchi Lamin Yamalning faoliyatini yanada sinchiklab nazorat qilishga qaror qildi. Bu haqda Sport.es nashri xabar bermoqda.
Manbaga koʻra, klub «El Klasiko» oldidan Yamal atrofida paydo boʻlgan ortiqcha shov-shuv sabab unga futbolga aloqador boʻlmagan tadbirlarda ishtirok etmaslikni maslahat bergan. Jumladan, futbolchiga yangi mobil telefonlar seriyasining taqdimot marosimiga borishni bekor qilish tavsiya etilgan va Yamal bu tavsiyani toʻliq qoʻllab-quvvatlagan.
Shuningdek, oʻtgan hafta Yamal fransiyalik strimer AmineMaTue bilan videorolikda ishtirok etgan. Biroq «Barselona» rahbariyati ushbu video ommaga taqdim etilmasligini, shuningdek, dushanbaga rejalashtirilgan intervyuning ham bekor qilinishini istamoqda.
Eslatib oʻtamiz, «El Klasiko» arafasida Yamal «Kings League»dagi «Porsinos» jamoasi «Real»ni eslatadimi, degan savolga quyidagicha javob bergandi:
«Ha, albatta. Ular doimo shikoyat qilishadi va qoidalarni buzishadi».