Bahrom Haydarov: «Tezkor goldan so‘ng xato qilishdan qo‘rqib o‘ynadik»
Superliganing 19-turidan o‘rin olgan "Qo‘qon-1912" - "Surxon" (2:0) uchrashuvidan so‘ng matbuot anjumani tashkil etildi.
Uning ikkinchi qismida mezbonlar bosh murabbiyi Bahrom Haydarov ishtirok etdi va savollarga javob qaytardi.
"Juda ham og‘ir o‘yin bo‘ldi, "Surxon" O‘zbekistondagi har bir jamoaga muammo tug‘dira olyapti. Futbolchilarning aksariyati anchadan beri birga o‘ynamoqda, jamoa barqaror yo‘lda. Uchrashuvning boshida tezkor gol urganimiz salbiy ta’sir ko‘rsatdi shekilli, raqib imkon qadar ko‘proq oldinga o‘tdi. Jamoamiz xato qilishdan qo‘rqib o‘ynadi. Bu ruhiy holat ustida ish olib boramiz. Qo‘rquvni yo‘qotishimiz kerak. Mazkur omil "Sho‘rtan" bilan o‘yinda ham sezilgandi. Yigitlarga rahmat aytishim kerak. Oxirigacha harakat qilishdi, xatolar kamroq bo‘ldi. To‘p nazorati tabiiyki yutqazayotgan jamoa tomonida bo‘ldi. Tezkor qarshi hujumlarga o‘tishga intildik, lekin ayrim vaziyatlarda sovuqqonlik yetishmadi",- deydi Bahrom Haydarov.
- FIFA kunlari munosabati bilan 20 kun tanaffus yuzaga keladi. Bundan foydalanib nazorat uchrashuvlari tashkil qilinadimi?
- Albatta. Hozir bu haqida o‘ylamoqdamiz, rejani ishlab chiqyapmiz. Ayni paytda e’tiborimiz "Buxoro" bilan o‘yinga qaratilgan, chunki har bir 3 ochko suv va havodek zarur bo‘lyapti. Nazorat uchrashuvlari bo‘ladi, faqat qayerda tayyorgarlik ko‘ramiz noma’lum. O‘tgan yili ham bunday holatga tushganmiz. Sport formani yo‘qotmasdan mashg‘ulotlarni olib boramiz.
- Kleydi Datsi va Shohruh Gadoevning o‘yinidan mamnunmisiz? Tavakkal qilishdan qo‘rqmayapsizmi?
- Tavakkal qilmasangiz bo‘lmaydi. Har bir zaxiramiz tavakkal qarorlar mahsuli, chunki futbolchini o‘yinga qanday qo‘shilib ketishini oldindan bilolmaymiz. Kimdir ruhan tayyor bo‘lmaydi, yana boshqasi jismonan. Jasur Xolturaevning ozgina jarohati bor edi. Lekin ular ko‘proq to‘pni nazorat qilgani uchun o‘rta chiziqni kuchaytirishga harakat qildik. Pazildinov, Husanovni tushirdik. Shuni hisobiga oxirgi daqiqalarda o‘yinimiz o‘xshadi. Qo‘rqsangiz zaxira qilishingiz kerakmas.
- Shohruh Gadoev sport formasiga kirib bormoqda. U terma jamoaga chaqirilishi mumkinmi?
- O‘zbekistonda 16 ta jamoa bo‘lsa nafaqat Superliga balki Pro ligadan ham o‘zini ko‘rsatsa futbolchi chaqirilishi mumkin. Terma jamoaga eshiklar ochilaveradi. Qo‘qondan ham terma jamoaga futbolchi olinsa xursand bo‘lar edik. Yoshlar orasidan Abdug‘afur Haydarov bor, Muhriddin Pazildinov debyut qildi. Har bir jamoaning maqsadi terma jamoaga futbolchi tayyorlab berishdir.