BAA sport vazirligi Oʻzbekistonga qarshi oʻyin uchun chiptalarni bepul tarqatmoqda
BAAda Oʻzbekiston terma jamoasiga qarshi muhim uchrashuv oldidan tayyorgarlik yakuniga yetib bormoqda. Ertaga, 5 iyun kuni boʻlib oʻtadigan hal qiluvchi bahs uchun stadion toʻliq tayyor holatga keltirilgan.
OAV maʼlumotlariga koʻra, BAA Sport vazirligi terma jamoani qoʻllab-quvvatlash maqsadida maxsus tashabbusni boshlagan. Turli sport turlari vakillari futbolchilarga murojaat yoʻllab, qisqa videolar orqali gʻalaba tilashmoqda.
Bundan tashqari, turli sportchilarga oʻyin uchun bepul chiptalar ham tarqatilmoqda. Mamlakat futbol rasmiylari jamoani ruhlantirishga harakat qilmoqda va fuqarolarni terma jamoani qoʻllab-quvvatlashga chorlamoqda.
Shu bilan birga, BAA tomonidan oʻzbek muhlislari va jurnalistlariga bosim oʻtkazilayotgani ham qayd etilmoqda. Avvalroq Sharja aeroportida oʻzbekistonlik muhlislar va OAV vakillari tushuntirishlarsiz toʻxtatib qolingani haqida xabarlar tarqalgan edi.