locale OZ

Azamat Abdurayimov: \"Kapadze BAAda ham 3 markaziy himoyachi taktikasidan foydalansa kerak\"

Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Azamat Abdurayimov: "Kapadze BAAda ham 3 markaziy himoyachi taktikasidan foydalansa kerak"
FOTO: Getty Images
JCH. Saralash. Osiyo
05.06.2025, Yak.
BAA
0
O‘zbekiston
0

O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq hujumchisi, 1994-yilgi Osiyo o‘yinlari g‘olibi, "Shuhrat" medali sohibi Azamat Abdurayimov Sports24.uz saytiga eksklyuziv intervyu berdi. Suhbat asosan BAA – O‘zbekiston uchrashuvi haqida bo‘ldi.

– 5-iyun kungi bahsda BAA terma jamoasining eng katta ustunligi nimada?

– Amirliklar terma jamoasining eng katta ustunligi shundaki, ular o‘z maydonida, o‘z muxlislari qarshisida o‘ynaydi, o‘z uyida esa, devorlar ham yordam beradi deyishadi. BAA futbolchilari o‘zlari uchun odatiy muhitda o‘ynashadi, ob-havoga moslashish va maydonga ko‘nikish shart emas.

– BAA terma jamoasida yangi murabbiy Kosmin Olariu ish boshladi. Bu bizga qanchalik qiyinchilik tug‘diradi?

– Menimcha, bunday muhim o‘yin oldidan murabbiyni almashtirish ikki jihatga ega: bir tomondan, bu jamoaga yangi turtki berishi, futbolchilarni yaxshiroq natijaga ilhomlantirishi, yangi murabbiy oldida o‘zini ko‘rsatish istagi bo‘lishi mumkin. Bu psixologik vaziyat. Bundan tashqari, yangi murabbiy jamoa o‘yinini qayta qurishi, tarkib va taktika o‘zgarishlarini kiritishi, boshqa o‘yinchilarga o‘zini ko‘rsatish imkonini berishi mumkin.

Boshqa tomondan, Kosmin Olariuda jamoa bilan tanishish, o‘yinchilarning yangi kombinatsiyalarini sinab ko‘rish, taktik jihatdan nimanidir o‘zgartirish uchun juda oz vaqt bor edi. Ha, terma jamoamizni yaxshilab o‘rganish uchun ham vaqt kerak edi. Olariu oldida O‘zbekiston terma jamoasini mag‘lub etish vazifasi turibdi. Faqat g‘alaba BAAga Jahon chempionatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkonini beradi. Shu bois, Amirliklar murabbiylar shtabi terma jamoamizga qarshi o‘yinda agressiv hujumkor futbolni tanlaydi, deb o‘ylayman.

– Ayni paytda O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarkibida sport formasi jihatidan eng kuchli futbolchi kim?

– Eng kuchli o‘yinchi kim? Menimcha, bu unchalik to‘g‘ri savol emas... Har qanday terma jamoada yetakchilar bo‘lishi kerak va har bir chiziqda o‘z yetakchilari bo‘lishi muhim. Himoyada va hujumda. Bu yerda, birinchi navbatda, sardor haqida gapirish mumkin: bugungi kunda Eldor Shomurodov jamoaning haqiqiy yetakchisi! Sport formasi bo‘yicha ham, Italiya chempionatining so‘nggi o‘yinlari natijalari bo‘yicha ham. Aliqulov Turkiya chempionatida juda yaxshi formaga kirdi, Hamrobekov va Shukurov barqaror o‘yin ko‘rsatmoqda.

– Timur Kapadze BAAga qarshi o‘yinda yana 3 nafar markaziy himoyachi bilan maydonga tushadi deb o‘ylaysizmi?

– O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Timur Kapadze Katanez foydalangan sxemani o‘zgartirmadi. Hatto Qirg‘iziston bilan uy uchrashuvida ham u uchtal markaziy himoyachidan foydalandi. Shuning uchun o‘ylaymanki, Amirliklar bilan biz uchun muhim bo‘lgan va bizni durang qoniqtiradigan o‘yinda Kapadze himoyadagi sinalgan sxemasiga sodiq qoladi.

– BAAga qarshi o‘yin oldidan O‘zbekiston terma jamoasining barcha mashg‘ulotlari yopiq tarzda o‘tishi ma’lum qilindi. Sizningcha bu to‘g‘ri qarormi?

– Futbolda mayda detallar narsa bo‘lmaydi. Bunday o‘ta muhim, Jahon chempionatining final bosqichiga chiqish masalasi o‘rtada turganida, barcha, hatto eng kichik jihatlar ham ahamiyatga ega bo‘ladi. Shu bois terma jamoamiz murabbiylar shtabi o‘yinga tayyorgarlikni yopib qo‘yganidan hayron emasman. To‘g‘ri qilishdi.

So‘zim yakunida terma jamoamizga yaxshi o‘yin va omad tilab qolaman. 2026-yilgi Jahon chempionati ishtirokchisiga aylanishimizga shubha qilmayman.

Farhod Fayziyev
Farhod Fayziyev
Ekspert
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting