«Ayaks» va «Groningen» oʻrtasidagi oʻyin tribunadagi tartibsizliklar sabab toʻxtatib qoʻyildi
Amsterdamda bo‘lib o‘tgan «Ayaks» — «Groningen» uchrashuvi tribunadagi tartibsizliklar sabab to‘xtatib qo‘yildi. Bu haqda Niderlandiya Qirollik futbol ittifoqi (KNVB) xabar berdi.
«Maydonda va uning atrofida bo‘lgan futbolchilar hamda xodimlarning xavfsizligi xavf ostida qoldi. Biz “Ayaks”ning ko‘pchilik qonuniy muxlislari va “Groningen”dan kelgan mehmonlarning ranjishini tushunamiz. Tartibsizliklarni keltirib chiqarganlar futbol uchun emas, boshqa niyat bilan stadionga kelishgan. Bu, avvalo, o‘z jamoasini chin dildan qo‘llab-quvvatlaydigan odamlarga zarba», — deyiladi KNVBning X ijtimoiy tarmog‘idagi bayonotida.
Ittifoq ma’lumotiga ko‘ra, tartib buzganlar aniqlanib, ularga nisbatan tegishli choralar ko‘riladi. KNVB xabariga ko‘ra, pirotexnika qo‘llagan tomoshabinlarga 450 yevro miqdorida jarima va 18 oydan 60 oygacha stadionlarga kirish taqiqi qo‘llanishi mumkin.
To‘xtatilgan uchrashuvning qolgan qismi seshanba, 2 dekabr kuni, Toshkent vaqti bilan 18:30 da tomoshabinlarsiz davom ettiriladi. KNVB yakshanba kuni sodir bo‘lgan «qabul qilib bo‘lmaydigan voqealar» yuzasidan intizomiy tekshiruv ham boshladi.