«Aston Villa» klubning 111 yillik rekordini yangiladi
Angliya Premyer-ligasining 17-turi doirasida «Aston Villa» «Manchester Yunayted» ustidan 2:1 hisobida g‘alaba qozonib, klub tarixidagi 111 yillik yutuqni takrorladi. Bu haqda Opta Sports’ning Telegram kanali xabar bermoqda.
Manba ma’lumotlariga ko‘ra, Birmingem klubi barcha musobaqalar doirasida ketma-ket 10 ta uchrashuvda g‘alaba qozonib, 1914 yildan buyon ilk bor shunday natijaga erishdi.
Avvalroq «Aston Villa» Angliya Premyer-ligasida «Bornmut» (4:0), «Lids Yunayted» (2:1), «Vulverhempton» (1:0), «Brayton end Xouv Albion» (4:3), «Arsenal» (2:1) va «Vest Hem Yunayted» (3:2) ustidan zafar quchgan. Yevropa Ligasi doirasida esa «Makkabi» Tel-Aviv (2:0), «Yang Boyz» (2:1) hamda «Bazel» (2:1)ga qarshi bahslarda g‘alaba qayd etilgan.
Ayni paytda «Aston Villa» APL turnir jadvalida 36 ochko bilan uchinchi o‘rinda bormoqda. Keyingi turda Unai Emeri shogirdlari 27 dekabr kuni safarda «Chelsi»ga qarshi maydonga tushadi.