Asror Aliqulov: Yuqori tempda va tezkor o‘ynaydigan futbolchilarni qidiryapmiz
Proliganing 10-turida kutilmagan natija qayd etildi. Musobaqa peshqadamlaridan biri – «Sho‘rtan» o‘z uyida «G‘azalkent» jamoasini qabul qildi. Ikkinchi bo‘lim 70-daqiqasida mehmonlar maydonda 10 futbolchi bo‘lib qoldilar. Son jihatdan ustunlikka erishgan mezbonlar buni tabloda aks ettira olmadilar. Aksincha, «G‘azalkent» bir o‘yinchi kam bo‘lgan holda ikkita gol urib 0:2 hisobidagi g‘alabani tantana qilib ketdi.
Ushbu o‘yindan keyin «Sho‘rtan» bosh murabbiyi Asror Aliqulov matbuot anjumanida bir qator savollarga javob qaytardi.
- «G‘azalkent» jamoasi oxirgi bir nechta o‘yinni yaxshi o‘tkazdi. Shu bois jamoamiz a’zolariga ularga qarshi yaxshi tayyorgarlik ko‘rishni uqtirgandik. Raqibni yoshligi va mensimaslik holatiga yo‘l qo‘ymasligini hamda uchrashuv og‘ir kechishini alohida aytgandik. O‘yin kurashlarga boy bo‘ldi. Ikkinchi bo‘limda raqib 10 futbolchi bilan qoldi va qarshi hujumda bizni jazoladi. Yigitlar bo‘shashdi va xarakter ko‘rsata olishmadi. «G‘azalkent» yaxshi himoyalandi. Yosh bo‘lishiga qaramay, bo‘ydor himoyachilari ko‘p. Ustunlikka erisha olmadik. Bu mag‘lubiyat uchun muxlislardan uzr so‘raymiz.
- Shogirdlaringizda raqibni mensimaslik holatini kuzatdingizmi?
- Oxirida «G‘azalkent» jamoasi 10 futbolchi bilan qoldi va chuqur himoyalandi. Uzun paslar va qanotlardan hujumlar qilishimiz kerak edi. Afsuski, oddiy holatlarda xatoliklarga yo‘l qo‘ydik. Oddiy to‘p oshirish futbolchi uchun qiyin vaziyat emasdi. Aytish mumkinki, muxlislar oldida bunaqa futbol ko‘rsatish murabbiy sifatida va jamoa uchun ham uyat bo‘lishi kerak.
- Raqibning qizil kartochkasidan keyin tarkibda ayrim o‘zgarishlarga qo‘l urdingiz. Zaxiradan maydonga tushganlar ishonchingizni qanchalik oqlay oldilar?
- G‘anisher Qodirov oxirgi o‘yinlarda gollari bilan jamoaga foyda keltirgandi. Bugun ham umid qilib maydonga tushirdik. Afsuski, qulay jarima zarbasidan foydalana olmadi. Qolgan holatlarda raqib himoyachilari unga imkoniyat berishmadi.
- Peshqadam «Orol» to‘plar nisbatiga ancha ko‘ra ancha oldinga o‘tib ketdi. Bu borada ko‘proq nimaga ahamiyat qaratish kerak, deb o‘ylaysiz?
- Uch ochkoga va to‘plar nisbatiga ham orqada qolyapmiz. Hujum qilish variantlarini ishlagan paytda ayrim vaziyatlarda hujumchilardan jaxlimiz chiqadi. Darvozaga zarba berilayotganda ko‘p ham kuchga emas, aqlni ham ishlatish kerak. Shu tomonlama ham bizga ancha yetishmadi. Hujum chizig‘idagi o‘yinchilar o‘zlarini ko‘rsata olmadilar.
- O‘rtada tanaffus bo‘ladi. Ushbu vaziyatda jamoani rejalari qanday?
- Proligani ko‘ryapsiz, bosim bo‘lyapti, futbolchilar o‘zini ayashmayapti. Shu tempga bardosh beradigan, ayniqsa o‘rta chizig‘imizdagi futbolchilar sekin, shu bois o‘rta va hujum chizig‘ini ham kuchaytirishimiz kerak. Yuqori tempda va tezkor o‘ynaydigan futbolchilarni qidiryapmiz», - deya Aliqulovning so‘zlaridan keltiradi Tribuna.uz muxbiri.