«Arsenal» himoyachisi Ben Uayt jiddiy jarohat olib, mavsum oxirigacha safdan chiqdi
Londonning «Arsenal» klubi himoyachisi Ben Uayt Angliya Premyer-ligasining 36-turidan o‘rin olgan «Vest Hem»ga (1:0) qarshi bahsda tizzasidan jarohat oldi. Olingan jarohat sababli futbolchi joriy mavsumda boshqa maydonga tusholmaydi.
«Yakshanba kungi «Vest Hem»ga qarshi o‘yindan so‘ng o‘tkazilgan tekshiruvlar va mutaxassislar konsultatsiyasi shuni tasdiqladiki, Ben Uayt tizzasining medial bog‘lamlaridan jiddiy jarohat olgan. Bu esa uning mavsumning qolgan qismini o‘tkazib yuborishini anglatadi.
Ayni damda klubimiz tibbiy jamoasi Benning sog‘lig‘ini tiklash va reabilitatsiya jarayonlari bilan shug‘ullanmoqda. Barcha harakatlar futbolchining yangi mavsumoldi tayyorgarlik mashg‘ulotlariga qadar safga qaytishiga qaratilgan», — deyiladi «Arsenal» rasmiy sayti bergan bayonotda.
Ma’lumot uchun, 36-turdan so‘ng «Arsenal» 79 ochko bilan APL turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda. Bitta zaxira o‘yiniga ega bo‘lgan «Manchester Siti» (74 ochko) «to‘pchilar»dan 5 ochkoga ortda qolmoqda.