Arbeloa: «Mavsum biz kutganidek kechmadi»
Madridning "Real" klubi bosh murabbiyi Alvaro Arbeloa Ispaniya chempionati 37-turida "Sevilya" ustidan qo'lga kiritilgan minimal (1:0) g'alabadan so'ng Kilian Mbappe va Vinisius Juniorning o'yini haqida o'z fikrini bildirdi.
"Men butun jamoaning munosabati va futbolchilarning maydonda o'zini qanday ko'rsatganidan mamnunman. Albatta, mavsum biz kutganidek kechmadi. Ammo men jamoa bilan ishlayotgan to'rt oy davomida ham Kilian, ham Vinisius barcha qiyinchiliklarga qaramasdan, har doim maksimal darajada harakat qildi.
Men uchun bu shunday futbolchilarki, dunyodagi har qanday klub ularni tarkibida ko'rishni istaydi. Agar imkoniyat bo'lsa, ular uchun katta navbat paydo bo'lishi aniq. Ular jahon futbolidagi eng xavfli va kutilmagan o'yin ko'rsata oladigan besh futbolchidan ikkitasi.
Bugun Vinisius gol urdi, ammo Mbappe ham jamoa uchun juda katta hajmda ish bajardi. Umid qilaman, keyingi o'yinda omad unga ham kulib boqadi", — dedi Arbeloa o'yindan keyingi matbuot anjumanida.
Ayni paytda "Real" Ispaniya chempionatida ikkinchi o'rinda bormoqda.