APL. «Aston Villa» safarda kambek amalga oshirib, «Vest Hem»ni magʻlub etdi
Angliya Premer-ligasining 16-turi doirasida «Vest Hem» va «Aston Villa» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv yakuniga yetdi. Dramatik kechgan bahsda mehmonlar 3:2 hisobida g‘alabani qo‘lga kiritdi.
Uchrashuv tezkor gol bilan boshlandi. O‘yinning 30-soniyasidayoq «Vest Hem» yarimhimoyachisi Mateush Fernandesh hisobni ochdi va bu gol joriy mavsum APLdagi eng tezkor gol sifatida qayd etildi. 9-daqiqada esa hisob tenglashdi — mezbonlar himoyachisi Konstantinos Mavropanos to‘pni o‘z darvozasiga yo‘llab qo‘ydi.
24-daqiqada Jarrod Bouen yana «Vest Hem»ni oldinga olib chiqdi. Biroq ikkinchi bo‘lim boshida «Aston Villa» hujumchisi Morgan Rojers hisobni tenglashtirdi. 79-daqiqada esa Rojers dublini rasmiylashtirib, jamoasiga muhim uch ochkoni taqdim etdi.
Mazkur g‘alabadan so‘ng «Aston Villa» Angliya chempionatining 16 uchrashuvidan keyin 33 ochko jamg‘arib, turnir jadvalida uchinchi o‘ringa ko‘tarildi. «Vest Hem» esa 13 ochko bilan 18-pog‘onada qolmoqda. Chempionatda 36 ochko bilan «Arsenal» peshqadamlik qilmoqda.
Keyingi turda «Vest Hem» 20 dekabr kuni safarda «Manchester Siti»ga qarshi maydonga tushadi. «Aston Villa» esa bir kun o‘tib, o‘z uyida «Manchester Yunayted»ni qabul qiladi.
APL. 16-tur
«Vest Hem» — «Aston Villa» 2:3
Gollar: Fernandesh (1), Bouen (29) — Mavropanos (avtogol, 9), Rojers (50, 79).