APL. «Arsenal» oʻz maydonida «Aston Villa»ni yirik hisobda tor-mor etdi
Angliya Premer-ligasining 19-turidan o‘rin olgan «Arsenal» — «Aston Villa» uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda mezbonlar 4:1 hisobida yirik g‘alabani qo‘lga kiritdi.
Ikkinchi bo‘lim boshida, 48-daqiqada «kanonirlar» safidagi braziliyalik himoyachi Gabriel Magalyaesh hisobni ochdi. Oradan to‘rt daqiqa o‘tib, ispaniyalik tayanch yarimhimoyachisi Martin Subimendi hisobni 2:0 ga yetkazdi, unga norvegiyalik Martin Edegor assistentlik qildi.
69-daqiqada belgiyalik vinger Leandro Trossar jamoasining uchinchi golini urdi, bu epizodda golli uzatma Yurriyen Timber hisobiga yozildi. 78-daqiqada esa braziliyalik hujumchi Gabriel Jezush Trossarning uzatmasidan unumli foydalanib, hisobni yirik ko‘rinishga olib keldi.
Uchrashuvga qo‘shib berilgan vaqtda «Aston Villa» hujumchisi Olli Uotkins mehmonlarning yagona goliga mualliflik qildi.
Shu tariqa, «Arsenal» 2025 yilni Angliya Premer-ligasi turnir jadvalida birinchi o‘rinda yakunladi. Mikel Arteta shogirdlari 19 turdan so‘ng 45 ochko jamg‘argan. «Aston Villa» esa xuddi shuncha o‘yindan keyin 39 ochko bilan uchinchi pog‘onani egallab turibdi.
APL. 19-tur
«Arsenal» — «Aston Villa» 4:1
Gollar: Magalyaesh (48), Subimendi (52), Trossar (69), Jezus (78) — Uotkins (90+3).