Andrey Lunin faoliyatini APLda davom ettirishi mumkin
«Real Madrid» darvozaboni Andrey Lunin qishki transfer oynasida Angliya Premyer-ligasiga yo‘l olishi mumkin. Defensa Central nashrining xabariga ko‘ra, 26 yoshli ukrainalik posbon bilan «Tottenhem» jiddiy qiziqmoqda.
Manbaga koʻra, London klubi darvozabonlar chizig‘ini kuchaytirish variantlarini ko‘rib chiqmoqda va Lunin asosiy nomzodlardan biri sifatida qayd etilgan.
Ma’lum qilinishicha, «shporlar» uni qishki transferlar oynasida qo‘lga kiritish uchun taxminan 12–15 million yevro taklif qilishga tayyor.
Biroq madridliklar mavsum o‘rtasida Luninni qo‘yib yuborishni maqsadga muvofiq deb hisoblamayapti.
Maʼlumot uchun, joriy mavsumda ukrainalik darvozabon «Real» asosiy jamoasida hali biror rasmiy o‘yinda maydonga tushgani yo‘q.