Anchelotti Mourinyuning «Real»ga qaytishi mumkinligiga munosabat bildirdi
Braziliya terma jamoasi bosh murabbiyi Karlo Anchelotti portugaliyalik mutaxassis Joze Mourinyuning kelasi mavsumda Madridning «Real» klubiga qaytishi mumkinligi haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.
«Agar u “Real”ga qaytsa, men buning uchun chin dildan xursand bo‘laman. Mourinyu ilgari ishlagan klublarida qanday ish olib borgan bo‘lsa, bu vazifani ham uddalay oladi. Hozir “Real”ga qayta qurish va avlodlar almashinuvi kerak.
So‘nggi yillarda klub Kazemiro, Toni Kroos, Luka Modrich va Karim Benzema kabi muhim futbolchilarni yo‘qotdi. Jamoa ichidagi muhit juda katta ahamiyatga ega — uni kuchli xarakter, yorqin shaxsiyat va liderlik fazilatlariga ega o‘yinchilar shakllantiradi.
Shuning uchun “Real”ga avvalgi muvaffaqiyatlarni olib kelgan muhitni qayta tiklash uchun vaqt kerak bo‘ladi. Muammo faqat futbolchilarning texnik saviyasida emas — natijaga erishish uchun to‘g‘ri muvozanatni ham shakllantirish lozim», — dedi Anchelotti The Athletic nashriga bergan intervyusida.
Eslatib o‘tamiz, Joze Mourinyu 2010–2013 yillarda «Real»ni boshqargan. U madridliklar bilan Ispaniya chempionati, shuningdek mamlakat Kubogi va Superkubogini qo‘lga kiritgan. Hozirda mutaxassis Lissabonning «Benfika» klubida faoliyat yuritmoqda va OAV ma’lumotlariga ko‘ra, klub uni «Real»ga qo‘yib yuborishga rozilik bergan.
Karlo Anchelotti esa «qaymoq ranglilar»ni 2013–2015 hamda 2021–2025 yillarda boshqargan edi.