Anchelotti: «Marokashga qarshi bahs uchun asosiy tarkibni aniqlab oldim»
Braziliya terma jamoasi bosh murabbiyi Karlo Anchelotti Misrga qarshi o‘rtoqlik o‘yini (2:1) haqida fikr bildirdi va 13-iyunga belgilangan jahon chempionatining ilk rasmiy o‘yini — Marokash jamoasiga qarshi asosiy tarkibni aniqlab olganini ma’lum qildi.
«Marokash bilan o‘yin uchun asosiy tarkibim allaqachon tayyor. Bu borada menda aniq tasavvur bor. Nazarimda, Vinisius va Rafinya bog‘lami [Misrga qarshi o‘yinda] juda yaxshi ishladi. Ular muvaffaqiyatli harakat qilishdi, shuning evaziga bizda xavfli vaziyatlar yuzaga keldi. O‘ylaymanki, ikkalasi ham ajoyib o‘yin o‘tkazdi.
Jamoa yaxshi o‘ynadi — intensiv, yuqori sur’atda, sifat namoyish etdi. Pressingdagi intensivlik yaxshi darajada edi. So‘nggi 30 daqiqada, nazarimda, bizga ko‘proq nazorat kerak edi. Biz chuqur hujum harakatlarini amalga oshirishga haddan tashqari qat’iy harakat qildik. Bunga hojat yo‘q edi — biz shundog‘am hisobda oldinda borayotgandik», — deb Anchelottining so‘zlaridan iqtibos keltiradi Globo.