Alonso «Liverpul»ni boshqarishga tayyor. «Real» esa Zidanni jamoaga qaytarmoqchi
«Real»da Xabi Alonsoning kelajagi tobora noaniq bo‘lib bormoqda. Klub ichkarisida ayrim futbolchilar murabbiydan norozi ekani haqida mish-mishlar kuchaymoqda. Bu haqda indykaila News nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Alonso «Liverpul»dan taklif tushsa, bosh murabbiylik lavozimini qabul qilishga tayyor. Klubning sport direktori Maykl Edvards uzoq yillardan beri Alonsoni salohiyatini yuqori baholab keladi va Yurgen Klopp ketishini e’lon qilganidan so‘ng uni asosiy nomzodlardan biri sifatida ko‘rgan. Biroq o‘sha paytda Alonso «Real» variantini tanlab, «Enfild»ga qaytishdan bosh tortgandi.
Endi esa Arne Slotning qo‘l ostida vaziyatni yanvargacha tuzatish imkoni bor. Agar «Liverpul»ning natijalari o‘zgarmasa, Alonsoning Angliyaga qaytishi yana kun tartibiga chiqishi mumkin — bu safar bosh murabbiy sifatida.
Shuningdek, Alonso «Real»ni tark etsa, Madrid klubi vaqtinchalik murabbiy sifatida Zinedin Zidanni qaytarishi ehtimol qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, kecha dunyoning eng ishonchli nashrlaridan biri The Athletic Vinisius Junior Alonso bilan kelishmovchiliklar sabab «Real» bilan yangi shartnoma imzolashdan bosh tortayotgani haqida xabar bergandi. Avvalroq ispan OAV ham «Real» futbolchilari Alonsoning ayrim taktik qarorlaridan norozi ekani, jamoa ichkarisidagi munosabatlar sovuqlashgani haqida yozgandi.