locale OZ

23 yillik tanaffusdan so‘ng: ayollar terma jamoamiz Osiyo Kubogi finaliga yo‘llanma oldi

Nepal ustidan dramatik g‘alaba, murabbiyning tanqidi va 2026 yilgi musobaqaga tayyorgarlik rejasi
Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Rasm: Instagram

O‘zbekiston ayollar terma jamoasi futbol bo‘yicha 23 yildan keyin ilk bor Osiyo Kubogining final bosqichiga yo‘llanma oldi. Katta yutuqqa Katrina Kulbite boshchiligidagi jamoa erishdi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

2026 yilda Avstraliyada bo‘lib o‘tadigan musobaqaning final bosqichiga chiqish uchun jamoamiz hal qiluvchi bahsda Nepal termasini mag‘lub etdi. Toshkentdagi uchrashuv asosiy vaqtda 3:3 hisobida yakunlandi. G‘olib penaltilar seriyasida aniqlashtirildi — futbolchi qizlarimiz 4:2 hisobida zafar quchishdi va tarixiy yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi.

Bellashuvdan so‘ng terma jamoa bosh murabbiyi Katrina Kulbite o‘yin haqida quyidagilarni aytdi:

«O‘yinini juda yaxshi boshladik va o‘z o‘yinimizni ko‘rsata oldik. Ammo keyin qizil kartochka oldik. Shundan so‘ng, aniq aytish mumkin — o‘yin biz uchun tugagan edi. Rostini aytsam, jamoamning o‘yinidan qoniqmaman. Bu oxirgi vaqtlardagi eng yomon ikkinchi bo‘lim bo‘ldi. Shunday bo‘lsa-da, biz yo‘llanmani qo‘lga kiritdik — bu ayollar futboli uchun katta natija», — deya uning so‘zlarini keltiradi Championat.Asia.

Murabbiy, shuningdek, kelgusi Osiyo Kubogiga tayyorgarlik haqida ham fikr bildirdi:

«Bu masalani rahbariyat bilan muhokama qildik. Bugun esa bu tarixiy natijani nishonlash kerak. Bu juda his-tuyg‘ularga boy kun bo‘ldi. Mart oyigacha ham rasmiy, ham norasmiy yig‘inlar tashkil etamiz. Do‘stlik uchrashuvlari va kichik turnirlarda ishtirok etish rejada bor. Milliy liga noyabrda yakunlanadi, shu bois martgacha tayyorgarlikni to‘g‘ri tashkil etish muhim. Umid qilaman, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bizga barcha shart-sharoitlarni yaratib beradi».

Eslatib o‘tamiz, 6 iyul kuni Toshkent shahrida ayollar terma jamoalari o‘rtasidagi Osiyo Kubogi saralash turniri yakunlandi. Unda g‘oliblar musobaqaning final bosqichiga chiqish huquqini qo‘lga kiritishdi.

Bakradze Iman
Bakradze Iman
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting