«Real» Yan Diomande uchun ortiqcha pul to‘ladi, ammo yosh vinger Mourino tizimiga juda mos tushadi
2026-yilgi yozgi transfer oynasi yana katta kelishuvlar bilan yodda qolmoqda. Mavsum yakunlangach, klublar tarkibni kuchaytirish uchun bozorga faol kirishdi. 1-sentabr kuni yopiladigan transfer oynasida bir qator yirik nomlar yangi jamoalarga o‘tmoqda.
Yan Diomande — «RB Leypsig»dan “Real Madrid”ga, 140 million yevro
Ushbu transfer «RB Leypsig» uchun nimani anglatadi?
Bir yil avval 20 million yevroga sotib olingan futbolchidan 120 million yevro foyda qilish «RB Leypsig» uchun ajoyib biznes bo‘ldi. Avvalroq Benjamin Sheshko, Yoshko Gvardiol, Dominik Soboslai va Dani Olmo kabi futbolchilar ham «Red Bull Arena»da o‘sib, keyinchalik katta klublarga yo‘l olgan edi. Diomande esa bu ro‘yxatdagi eng katta muvaffaqiyatlardan biriga aylanishi mumkin.
Shu bilan birga, «Leypsig» uchun uni almashtirish juda qiyin bo‘ladi. Diomande o‘tgan mavsumda klubning Bundesligada uchinchi o‘rinni egallashida asosiy kuchlardan biri bo‘ldi. U yarim himoyachi Kristof Baumgartner bilan deyarli ideal darajada o‘zaro tushunish hosil qilgandi. Uning tezkor driblingi, aniq zarbalari va oldinga yo‘naltirilgan paslarisiz «Leypsig» Chempionlar ligasi zonasiga qaytishda qiynalishi mumkin.
Shunga qaramay, nemis klubi o‘z yetakchilarini qimmat narxda sotishga o‘rganib qolgan. Klubning transfer modeli ham aynan shunga asoslangan. «Leypsig» tez orada yana yangi iste’dod topishi mumkin. Agar Diomande «Real»da darhol o‘zini ko‘rsata olsa, bu nemis klubining iqtidorlarni topish borasidagi obro‘sini yanada oshiradi.

Diomande «Real Madrid» uchun qanchalik foydali?
«Real» Diomande uchun ortiqcha pul to‘lagandek ko‘rinadi. Ammo bugungi transfer bozorida asosiy maqsadni qo‘lga kiritish uchun ko‘pincha shunday yo‘l tutishga to‘g‘ri keladi.
Madrid klubiga qanotlarda qo‘shimcha variant juda zarur edi. Rodrigo tizza old xochsimon boylami jarrohligidan tiklanishda davom etmoqda va 2027-yilgacha safga qaytmasligi kutilmoqda. Diomande esa har ikki qanotda ham o‘ynay oladi.
Ba’zi taxminlarga ko‘ra, «Real» Diomandeni Vinisius Juniorning o‘rnini egallash uchun olgan bo‘lishi mumkin, chunki braziliyalik futbolchiga «Arsenal» jiddiy qiziqmoqda. Biroq Diomande o‘tgan mavsum «Leypsig» safidagi 36 ta o‘yinining aksariyatida o‘ng qanotda harakat qilgan.
U hujumga faol qo‘shiladigan Trent Aleksander-Arnold uchun ideal sherik bo‘lishi mumkin. Diomande Joze Mourinoning 4-2-3-1 tizimiga ham juda mos tushadi. Unda himoyani yorib kirish uchun tezlik va chaqqonlik, to‘pni qaytarib olish uchun esa kuch va pressing bor.
Diomande hali tajribasiz futbolchi, ammo tez o‘rganish qobiliyatiga ega. Uning La Liga muhitini bilishi ham moslashuv jarayonini yengillashtiradi. PSJ va «Liverpul» kabi klublarni ortda qoldirib, Diomandeni qo‘lga kiritish «Real» ikki mavsum sovrinsiz qolganiga qaramay, hamon dunyodagi eng katta klub ekanini ko‘rsatadi.

19 yoshli iqtidor bu yutuqqa qanday erishdi va uni oldinda nimalar kutmoqda?
Bu Diomande uchun orzudagi transfer bo‘ldi. Bir yil avval ko‘pchilik muxlislar uni deyarli tanimasdi. U La Ligadan tushib ketgan «Leganes»dan «Leypsig»ga 20 million yevro evaziga o‘tgan edi.
Diomande «Leganes»dagi yagona mavsumida atigi 10 ta liga o‘yinida maydonga tushgan, avval esa zaxira jamoada o‘ynagan. Ammo «Leypsig» uning ulkan salohiyatiga ishondi va bu qaror tezda o‘zini oqladi.
U professional faoliyatidagi ilk to‘liq mavsumidayoq barcha musobaqalarda 23 ta samarali harakat qayd etdi. Keyin Jahon chempionatiga chaqirildi va Kot-d’Ivuar terma jamoasi bilan 1/16 finalgacha yetib bordi.
19 yoshli futbolchi qisqa vaqt ichida Yevropaning bir qator grand klublari e’tiboriga tushdi. Biroq «Real Madrid»dan taklif kelishini uning o‘zi ham kutmagan bo‘lsa kerak. Endi u «Santyago Bernabeu»dagi bosim va 140 million yevrolik narx bilan kurashishi kerak bo‘ladi. Ammo qanday bo‘lmasin, uning bu darajaga yetib kelganini o'zi allaqachon katta yutuq bo'lib ulgurdi.