Mourinoning qat'iy talabi: «Real»da yulduzlar zaxirada qolishi mumkin
«Real Madrid» bosh murabbiyi Joze Mourino yangi mavsum oldidan jamoa tarkibi bo‘yicha aniq pozitsiyasini bildirdi. Portugaliyalik mutaxassis kichik tarkib bilan ishlashni afzal ko‘rayotgani sababli ayrim yulduz futbolchilar muntazam o‘yin amaliyotisiz qolishi mumkin.
«Qirollik klubi» mavsumoldi o‘rtoqlik uchrashuvida Vengriyaning «Ferensvarosh» jamoasini 2:1 hisobida mag‘lub etdi. Bu uchrashuv yangi mavsum oldidan madridliklar uchun ikkinchi jiddiy sinov bo‘ldi.
Raqib Yevropa ligasi saralashi va milliy chempionatdagi dastlabki bahslardan so‘ng yuqori sport formasida maydonga tushgani bois, uchrashuv oddiy o‘rtoqlik o‘yinidan ancha murakkab kechdi. Ikkinchi bo‘limda ayrim qiyinchiliklarga duch kelgan bo‘lsa-da, «Real» g‘alabani saqlab qoldi.
Endilikda Mourino shogirdlarini mavsum boshlanishidan oldin yana ikkita sinov — «Deportivo» va «Shalke»ga qarshi bahslar kutmoqda.
Mourino kichik tarkib tarafdori
«Marca» nashrining yozishicha, Rodrining transferi to‘xtab qolgach, asosiy e'tibor jamoa tarkibiga qaratildi. Biroq Mourino Vengriyaga yetib kelishi bilanoq o‘z rejasini ochiq aytdi.
«Bizga taxminan 20 nafar futbolchidan iborat kichik tarkib kerak,» — dedi portugaliyalik mutaxassis.
Bu bayonot murabbiyning kelajakdagi rejalari borasidagi barcha savollarga javob bo‘ldi. Ammo jamoani hanuz jarohatlar muammosi tark etgani yo‘q.

Jarohatlar bosh og‘riq bo‘lib qolmoqda
Mourinyo allaqachon bir qator yo‘qotishlarga duch kelgan. Himoyachi Din Xeysen jarohat olgan bo‘lsa, Raul Asensio va Tiago Pitarch ham safdan chiqqan. Shuningdek, Eder Militao, Ferlan Mendi va Rodrigo ham hozircha jamoaga yordam bera olmayapti.
Shunga qaramay, portugaliyalik murabbiy deyarli har bir pozitsiyada kamida ikkita, ayrim joylarda esa uchta variantga ega.
Darvoza chizig‘ida Andrey Lunin ishonchli zaxira hisoblanadi. Qanot himoyasida Mark Kukurelya, Alvaro Karreras, Denzel Dyumfris, Trent Aleksander-Arnold va kerak bo‘lsa Ferlan Mendi ham o‘ynashi mumkin.
Markaziy himoyada esa Ibraima Konatening transferidan keyin Raul Asensio beshinchi tanlovga aylanib qoldi. Shu sababli uning jamoani tark etishi ehtimoli tobora kuchaymoqda.
Yarim himoyada kuchli raqobat
Tayanch yarim himoyasi uchun Orelen Chuameni, Federiko Valverde, Bernardu Silva, Eduardo Kamavinga va Tiago Pitarch kurash olib bormoqda.
Ikki o‘rin uchun besh nafar futbolchining raqobati Mourinodan rotatsiyani juda ehtiyotkorlik bilan boshqarishni talab qiladi.
Hujum chizig‘ida tanlov yanada katta
Chap qanotda Vinisius Junior asosiy nomzod bo‘lib turibdi. Rodrigo sog‘aygach, o‘zining tabiiy pozitsiyasiga qaytishi kutilmoqda.
O‘ng qanotda Yan Diomande va Brahim Dias harakat qilmoqda. Zarurat tug‘ilganda Endrik hamda Federiko Valverde ham ushbu pozitsiyada o‘ynashi mumkin.
Hujum ortida Jud Bellingem va Arda Gyuler variantlari mavjud. Markaziy hujumda esa asosiy umid Kilian Mbappe bo‘lib qolmoqda. Uni Espi va Endrik zaxiradan qo‘llab-quvvatlashi mumkin.

Yulduzlar uchun zaxira o‘rindig‘i xavfi
Mourinoning kichik tarkib haqidagi qarori ayrim mashhur futbolchilarning muntazam ravishda zaxirada qolishiga olib kelishi mumkin.
Biroq «Real Madrid» so‘nggi yillarda jarohatlar sabab ko‘p bor favqulodda vaziyatlarga duch kelgan. Aynan shu omil ko‘pincha klubni qo‘shimcha transferlar qilishga yoki akademiya tarbiyalanuvchilariga imkoniyat berishga majbur qilgan.
Shu bois Mourinyoning ixcham tarkib bilan ishlash rejasi muvaffaqiyat keltiradimi yoki aksincha, jamoa uchun muammoga aylanadimi, bunga faqat mavsum davomida javob topiladi. Sizchi, siz nima deb o'ylaysiz? Fikrlaringizni izohlarda qoldiring.