Parijda hayotini saqlab qolgan inson bilan uchrashuv
O‘zbekiston boks terma jamoasi bosh murabbiyi Tulqin Qilichev Buyuk Britaniya jamoasi bilan qo‘shma yig‘in chog‘ida fizioterapevt Robbi Lillis bilan ko‘rishdi. U 2024 yil Parij Olimpiadasida yurak xurushi paytida murabbiyga shoshilinch yordam ko‘rsatgan edi.
O‘sha vaqtda Qilichev shogirdi Hasanboy Do‘smatovning g‘alabasini nishonlar ekan, o‘zini yomon his qilgan. Britaniyalik mutaxassislar unga yordamga shoshilishdi: shifokor Xardj Singh sun’iy nafas berdi, Robbi Lillis esa defibrillatordan foydalandi.
Qilichev Instagram sahifasida Lillis bilan tushgan suratini qo‘yib, shunday yozdi:
«Janob Robbi Lillis — mening hayotimni saqlab qolgan inson. Uni yana ko‘rganimdan juda xursandman».
O‘zbekiston va Buyuk Britaniya terma jamoalari 4–14 sentabr kunlari Liverpulda bo‘ladigan World Boxing tarixidagi ilk jahon chempionatiga tayyorlanmoqda.