Jangga ikki hafta qolganda Hasanboy Do‘smatovning raqibi almashtirildi
Avval xabar berganimizdek, 20 iyul kuni Qirg‘izistonning Bishkek shahridagi “Bishkek Arena”da professional boks oqshomi tashkil etiladi. Unda ikki karra Olimpiada chempioni, andijonlik Hasanboy Do‘smatov ham ringga chiqishi rejalashtirilgan.
Boshida Hasanboyning raqibi filippinlik Richard Laspon bo‘lishi kutilgan edi. Biroq jangga bor-yo‘g‘i ikki hafta qolganda raqib almashtirilgani ma'lum bo‘ldi. Endi Do‘smatov Filippinning boshqa vakili — 28 yoshli Mark Antonio'ga qarshi jang qiladi.
32 yoshli Hasanboy Do‘smatov shu vaqtgacha professional ringda 6 ta jang o‘tkazgan va barchasida g‘alaba qozongan. U so‘nggi jangini 2023 yil noyabrda Rossiyada JAR vakili Siphmandla Balega qarshi o‘tkazib, ochkolar hisobiga ko‘ra zafar quchgan edi.
Mark Antonio esa prof ringda 13 ta jang o‘tkazib, 11 g‘alaba va 2 mag‘lubiyat qayd etgan.
Shuningdek, Bishkekdagi boks oqshomida bir qator taniqli sportchilar ham ishtirok etadi:
Devid Ximenes (Kosta-Rika)
Saken Bibosinov (Qozog‘iston)
Munarbek Seitbek Uulu (Qirg‘iziston) — Parij Olimpiadasida o‘zbekistonlik Akmal Hasanov murabbiyligida ishtirok etgan