Bahodir Jalolov tanqid ostida — G‘arbda uning faoliyati ustidan kulishdi
Polshalik super og‘ir vazn toifasidagi bokschi Kamil Sokolovski o‘z faoliyatidagi eng kuchli raqib sifatida Bahodir Jalolovni tilga oldi. U 2022 yili o‘zbekistonlik bokschidan texnik nokaut orqali mag‘lub bo‘lgan va o‘sha jangni ringdagi eng og‘ir sinov deb atagan.
Bu bayonotga bokschilikka bag‘ishlangan mashhur #RingsideFracas podkasti o‘z munosabatini bildirib, Jalolov va uning jamoasini tanqid qildi:
«Sokolovski nima uchun Jalolovni tanlaganini tushunaman. Ammo na Jalolov, na uning atrofigilari professional boksni jiddiy qabul qilayotgandek ko‘rinmaydi. Olimpiadadan keyingi faoliyatlari — haqiqatan ham kulgili», — deb yozildi podkastning rasmiy X-sahifasida.
Eslatib o‘tamiz, Bahodir Jalolov 2024 yilgi Olimpiadada ikkinchi bor oltin medal qo‘lga kiritgan. Ammo shundan so‘ng u professional ringda faqat bir marta jang qilgan — joriy yil 5 aprel kuni Ostonada ukrainalik Igor Shevadzutskiyni hakamlar yakdil qarori bilan mag‘lub etgan.
«Katta o‘zbek»ning iyul oyida AQShdagi navbatdagi jangi ham rejalashtirilgan edi, biroq raqibining sog‘liq muammolari sabab bekor qilindi.