Bahodir Jalolov: Hammasi rejadagidek kechmadi… Lekin biz to‘xtamaymiz!
Professional boksning og‘ir vazn toifasida harakat qilayotgan o‘zbekistonlik chempion Bahodir Jalolov 27 iyul kuni Nyu-Yorkda o‘tkazilishi kerak bo‘lgan navbatdagi jangini amalga oshira olmadi.
Uning italiyalik raqibi Janmarko Kardillo tibbiy sabablarga ko‘ra jangda ishtirok eta olmasligi ma’lum qilindi. Bu xabar Jalolovga AQShga uchish chog‘ida, samolyotda yetkazilgan.
“Hammasi o‘ylaganimdek kechmadi. Balki aynan shunday bo‘lishi kerakdir. Taxtir biz bilmagan yo‘llardan olib boradi… Biz yo‘limizni davom ettiramiz”, — deya munosabat bildirdi Jalolov jangi bekor bo‘lgani haqida.
Eslatib o‘tamiz, Jalolov ushbu jang orqali jahon chempionligi uchun kurashga yana bir qadam yaqinlashmoqchi edi. Endi esa uning promouterlari tez orada yangi raqib va sanani e’lon qilishi kutilmoqda.