locale OZ
locale OZ
Mehmon
Mehmon Izoh qoldirish uchun kiring yoki ro'yxatdan o'ting
Menyu

“Real” safida eng ko‘p gol urgan futbolchilar. Top-10

Ro‘yxatni Ronaldu boshqarmoqda
Maqolalar 23 may 2025 da 17:00
Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
“Real” safida eng ko‘p gol urgan futbolchilar. Top-10
Photo: Getty Images

Madridning “Real” klubi ulkan tarixga ega jamoa hisoblanadi. Ushbu klubda ko‘plab yulduzlar va o‘z davrining eng yaxshi futbolchilari to‘p surgan. Ayniqsa, hujumchilar haqida gap ketganda, yirik-yirik nomlar ko‘z oldimizga keladi. Quyida diqqat markazingizga “Real” tarixida eng ko‘p gol urgan hujumchilar ro‘yxatini taqdim etamiz.

10. Emilio Butragenyo – 171 gol

Klubning afsonaviy hujumchisi 1982-1995 yillarda “Real” safida to‘p surgan. Bu davrda Emiliano 463 ta o‘yinda maydonga tushib, raqiblar darvozasini 171 bor aniq nishonga olgan.

“Qirollik” klubi bilan Ispaniya chempionatida 6 marta chempion bo‘lgan. “Real”dan ketganidan so‘ng “Kastilya”da o‘ynagan. So‘ngra faoliyatining oxirgi qismini Meksika chempionatida o‘tkazgan.

9. Pirri – 172 gol

To‘liq ismi-sharifi Xose Martinez Sanches bo‘lgan Pirri 1964-1980 yillarda “Real” libosida to‘p surgan va o‘sha davrning eng kuchli hujumchilaridan biri bo‘lgan.

Madrid klubida Pirri 561 ta o‘yinda maydonga tushib, 172 bor gol urgan. Klub tarixida eng ko‘p gol urgan futbolchilardan biri sifatida nom qoldirgan.

8. Fransisko Xento – 182 gol

O‘z davrining eng mashhur futbolchilaridan biri bo‘lgan Xento 1933 yilda tug‘ilgan. Yarim himoyachi sifatida o‘ynaganiga qaramay, ko‘plab gollar muallifi bo‘lgan. U “Real”da 1953-1971 yillarda to‘p surgan. 182 ta gol kiritgan. 600 ta uchrashuvda maydonga tushgan.

U 12 bor “qirollik” klubi bilan Ispaniya chempionatida g‘olib chiqqan. 2022 yilda esa Fransisko Xento vafot etgan.

7. Ugo Sanches – 208 gol

Meksikalik bo‘lgan Ugo Sanches faoliyati davomida bir qancha jamoalarda o‘ynagan. Ammo uning yulduzlik davri, shubhasiz, “Real”da o‘tgan. Madrid klubida Sanches 7 yil o‘ynagan. Bu vaqt oralig‘ida 283 ta o‘yinda maydonga tushib, 208 ta gol muallifi bo‘lgani bilan esda qolgan.

1990 yilda u “Oltin butsa” sohibiga ham aylangan. Ispaniya chempionatida 5 marta chempion bo‘lgan.

6. Ferenc Pushkash – 242 gol

Vengriya futbolining afsonasi Ferenc Pushkash nomi hanuz futbol ixlosmandlari qalbida. Yilning eng chiroyli goli aynan Pushkash sovriniga atalgan. “Real”da 9 yil faoliyat yuritgan Ferenc 242 bor raqib darvozasini ishg‘ol qilgan. Juda ko‘plab jamoaviy va shaxsiy sovrinlarga ega bo‘lgan. Ferenc Pushkash 2006 yili 79 yoshda vafot etgan.

5. Santilyana – 290 gol

To‘liq ismi-sharifi Karlos Alonso Gonsales bo‘lgan sobiq hujumchi “qirollik” klubida 17 yil o‘ynagan. Bu davrda 600 dan ortiq o‘yinda maydonga tushgan.

290 ta golni o‘z hisobiga yozib, klub tarixidagi eng yaxshi to‘purarlardan biri sifatida 5-o‘rinni band etgan. “Real” safida 9 bor Ispaniya chempioniga aylangan. UEFA kubogi sohibi bo‘lgan. Shuningdek, boshqa ko‘plab sovrinlarni ham qo‘lga kiritgan.

4. Alfredo Di Stefano – 308 gol

Futbol afsonasi sifatida Alfredo Di Stefanoni eslashadi. “Real”da 11 yil o‘ynagan. Bu vaqt ichida juda ko‘plab sovrinlarni qo‘lga kiritgan. Shuningdek, 308 ta gol muallifi bo‘lgan.

Keyinchalik butsa osganidan so‘ng murabbiylikda ham omad sinagan. “Real”ni boshqargan Di Stefano nomi hanuz eski futbol ishqibozlari yodida.

3. Raul – 323 gol

Klubning yana bir afsonasiga aylangan Raul hozirda murabbiylik sohasida faoliyat yuritmoqda. Sobiq hujumchi Ronaldu va Benzema kelguniga qadar jamoaning asosiy “dvigateli” bo‘lib kelgan. 741 ta o‘yinda “qirollik” klubi libosida to‘p surgan.

323 ta golni o‘z hisobiga yozib, keyinchalik klubni tark etgan. To‘g‘ri, uning bu ko‘rsatkichini Ronaldu va Benzema ortda qoldirdi. Lekin klub muxlislari Raulni hanuz yaxshi ko‘rishadi.

2. Karim Benzema – 354 gol

Fransiyalik hujumchi “Real”da ajoyib mavsumlarni o‘tkazdi. Saudiya Arabistoniga yo‘l olguniga qadar Karim sermahsullik ko‘rsatdi. Umumiy hisobda 648 ta o‘yinda maydonga tushib, 354 ta gol muallifi bo‘ldi.

Klub libosida eng ko‘p gol urgan futbolchilar ro‘yxatida 2-o‘rinda bormoqda. Hozirda Benzema Saudiya Arabistonining “Al-Ittihod” safida harakat qilmoqda. Yaqinda klub bilan Saudiya Pro-ligasida chempionlikni qo‘lga kiritdi.

1. Krishtianu Ronaldu – 450 gol

“Oltin to‘p”ning 5 karra sohibi bo‘lgan portugaliyalik futbolchi “Real”da afsona maqomiga yetdi. Klub bilan bir qator sovrinlarni qo‘lga kiritdi. 438 ta o‘yinda 450 ta gol muallifi bo‘ldi. Bugungi kunda u klub tarixida eng ko‘p gol urgan futbolchi sifatida yetakchilik qilmoqda.

Hozirda faoliyatini “An-Nasr”da davom ettirayotgan 40 yoshli hujumchining faoliyatidagi gollar soni 935 taga yetgan. U 1000lik dovonga intilmoqda.

Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting