locale OZ

«Real» bosh murabbiyligi uchun 5 ta asosiy nomzod

Joze asosiy nomzod sifatida ko‘rsatilmoqda.
Maqolalar
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
«Real» bosh murabbiyligi uchun 5 ta asosiy nomzod
ФОТО: Getty images

Madridning “Real” klubi mavsum yakuniga yetmasdan turib, 2026/2027 yilgi chempionat bahslari uchun bosh murabbiy izlashni boshlagan. Garchi ro‘yxatda bir nechta top murabbiylar o‘rin olgan bo‘lishiga qaramay, “Real” rahbariyati yakuniy qarorni qabul qilgani yo‘q. Quyida “Real” klubi short-listida turgan bir nechta nomzodlarga to‘xtalib o‘tishga qaror qildik.

Unai Emeri

Unai Emeri bir necha yildan beri “Aston Villa”da muvaffaqiyatli ish olib bormoqda. Jamoa joriy mavsum yakunlariga ko‘ra APL orqali bir yillik tanaffusdan so‘ng Yevropa Chempionlar ligasiga yo‘llanma olish arafasida.

Emeri Yevropa murabbiylari orasida yulduz maqomini “Sevilya”da qo‘lga kiritgan — u jamoa bilan ketma-ket uch marta Yevropa Ligasini yutgan. Shu bilan birga, u top-klublarda ham ishlagan: 2016–2018 yillarda “PSJ”ni boshqargan, 2018 yil yozidan 2019 yil kuzigacha esa “Arsenal”da faoliyat yuritgan.

Parijdagi faoliyati, ayniqsa, “Barselona”ga qarshi Chempionlar ligasidagi mashhur 1:6 hisobidagi mag‘lubiyat bilan esda qolgan. Biroq ikkinchi mavsumida u jamoa bilan Fransiyadagi barcha musobaqalarda g‘alaba qozonib, “kvadrupl”ni rasmiylashtirgan.

“Aston Villa”da katta yulduzlarsiz barqaror natijalar ko‘rsatishi Emerining yana bir bor top-klubda ishlashga tayyor ekanini ko‘rsatadi. Bu jamoa bilan Yevropa Ligasida zafar quchishi mumkin.

Yurgen Klopp

Yurgen Klopp “Liverpul”ni haqiqiy pressing mashinasiga aylantirdi. 2010-yillar oxiri va 2020-yillar boshida mersisaydliklar nafaqat eng muvaffaqiyatli, balki eng jozibali o‘yin uslubiga ega jamoalardan biri bo‘ldi.

Klopp bilan “Liverpul” 2018/2019 mavsumda Chempionlar ligasini qo‘lga kiritdi, ortidan esa Angliya chempioniga aylandi.
2023/2024 mavsumidan so‘ng u klubni tark etdi va hozirda “Red Bull” tizimida menejerlik lavozimida ishlamoqda.

Kloppning obro‘si shubhasiz yuqori, ammo uning nomzodi ham savollardan xoli emas. Birinchidan, u murabbiylikka qaytishga tayyor ekanini ochiq aytmagan. Ikkinchidan, Vinisius Junior, Kylian Mbappe va Jude Bellingham kabi yulduzlarning doimiy pressing tizimida o‘ynashi qanchalik real ekani ham shubhali.

Enso Mareska

Enso Mareska o‘zining ilk mavsumidayoq “Chelsi”ni Konferensiyalar ligasi va klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘olib bo‘lishiga ko‘maklashdi.

Ayniqsa, u “ko‘klar”ning keng tarkibi bilan samarali ishlay olgani diqqatga sazovor — bu esa hujum chizig‘ida ko‘p variantlarga ega “Real Madrid” uchun foydali bo‘lishi mumkin.

Biroq 2025 yil oxirida Mareska rahbariyat bilan kelisha olmay, ishdan bo‘shatildi. Yaqindagi katta yutuqlar va yaxshi natijalar fonida bu qaror ko‘pchilik uchun kutilmagan bo‘ldi. Hozirda italiyalik mutaxassis ishsiz va yangi chaqiruvlarni qabul qilishga tayyor.

Zinedin Zidan

Zinedin Zidanning kelajagi Fransiya milliy jamoasi bilan bog‘liq. Didier Desham 2026 yilgi jahon chempionatidan so‘ng lavozimini tark etishini ma’lum qilgan. Jurnalist Fabrizio Romano esa Zidan Fransiya futbol federatsiyasi bilan og‘zaki kelishuvga erishganini xabar qilgan.

Shu sababli, uning bu orzudan voz kechishi uchun favqulodda holat yuz berishi kerakdek tuyuladi.

Biroq “Real Madrid”da Zidan doimo xush ko‘riladi. U murabbiy sifatida jamoa bilan jami 11 ta sovrin yutib, har ikki marta ham klubni nizosiz tark etgan.

Joze Mourinyo

Ushbu ro‘yxatda eng asosiy nomzod so‘zsiz Mourinyo hisoblanadi. Portugaliyalik mutaxassis sobiq jamoasini qayta boshqarishga qarshi emas. Record nashri xabariga ko‘ra, “qirolicha klubi” portugaliyalik murabbiyni olib kelish uchun “Benfika”ga 7 million yevro miqdorida kompensatsiya to‘lashi kerak bo‘ladi.

Manbaga ko‘ra, ushbu summa Mourinyo va “Benfika” o‘rtasidagi shartnomada ko‘rsatilgan bo‘lib, tomonlardan biri kelishuvni bekor qilmoqchi bo‘lsa, aynan shu tovon puli ishga tushadi.

Qayd etilishicha, mazkur band faqat ushbu mavsum yakunlanganidan keyingi 10 kun davomida amal qiladi.

Shuningdek, “Benfika” prezidenti Rui Koshta Mourinyoga yangi shartnoma taklifini taqdim etgani va hozir javob kutayotgani aytilmoqda.

Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting