Yannik Sinner Rim «Masters» turniri gʻolibiga aylandi va tarixiy rekord oʻrnatdi
«Katta dubulgʻa» turkumiga kiruvchi turnirlarning toʻrt karra gʻolibi, dunyoning birinchi raqamli tennischisi Yannik Sinner Italiya poytaxti Rim shahrida yakuniga yetgan «Masters» musobaqasida chempionlikni qoʻlga kiritdi. Italiyalik tennischi hal qiluvchi final bahsida jahon reytingida 25-oʻrinni egallab turgan norvegiyalik Kasper Ruudni 6:4, 6:4 hisobida magʻlub etdi.
Uchrashuv 1 soat-u 44 daqiqa davom etdi. Bahs davomida Sinner 2 ta eys (toʻgʻridan-toʻgʻri ochko) qayd etdi, biror marta qoʻsh xatoga yoʻl qoʻymadi va 5 ta breyk-pointdan 3 tasini muvaffaqiyatli amalga oshirdi. Ruud hisobida esa 3 ta eys, 2 ta qoʻsh xato va 2 ta breyk-pointdan 1 ta samarali natija qayd etildi.
Rimdagi ushbu gʻalaba Sinner uchun faoliyatidagi 29-sovrin, joriy mavsumdagi esa beshinchisi boʻldi. Shu tariqa, Yannik Sinner ketma-ket 6 ta «Masters» turnirida zafar quchgan tariqdagi ilk tennischiga aylandi. Shuningdek, u ATP-1000 turkumidagi barcha 9 ta turnirning har birida chempionlikni qoʻlga kiritgan tariqdagi ikkinchi sportchi sifatida qayd etildi.