Yana bir rossiyalik tennischi Oʻzbekiston sharafini himoya qiladi
Jahon reytingida 92-o‘rinda borayotgan rossiyalik tennischi Polina Kudermetova Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) rasmiy saytida O‘zbekiston bayrog‘i ostida qayd etildi. Hozircha sportchi tomonidan sport fuqaroligini o‘zgartirgani haqida rasmiy bayonot berilmagan.
Avvalroq uch nafar rossiyalik tennischi sport fuqaroligini o‘zgartirgani ma’lum bo‘lgandi. Xususan, Kamilla Rahimova va Mariya Timofeyeva endilikda O‘zbekiston sharafini himoya qiladi, Anastasiya Potapova esa Avstriya terma jamoasi safida ishtirok etadi.
Eslatib o‘tamiz, dekabr oyi boshida Polina Kudermetova Fransiyaning Anje shahrida bo‘lib o‘tgan WTA-125 toifasidagi turnirda chorak finalga chiqa olmadi. Ikkinchi bosqichda u Germaniya vakilasi Anna-Lena Fridzamga (WTA reytingida 193-o‘rin) 3:6, 6:1, 2:6 hisobida mag‘lub bo‘ldi.