«Tottenhem» Devis bilan shartnomani uzaytirdi
"Tottenhem" markaziy himoyachi pozitsiyasida to‘p tepuvchi Ben Devis londonliklar bilan yangi shartnoma imzoladi. Bu haqda klub rasmiy sayti xabar bermoqda.
Uels terma jamoasi a'zosi "shporlar" sharafini 2026/2027 yilgi mavsum yakunigacha himoya qiladigan bo‘ldi.
"Ben — kiyinish xonasida o‘z ta’siriga ega bo‘lgan futbolchi. U bir necha bor klub sardori sifatida maydonga tushgan va har bir harakati bilan "Tottenhem" qadriyatlarini aks ettirishda davom etmoqda. Tabriklaymiz, Ben!" — deyiladi klub matbuot xizmati xabarida.
Devis "Tottenhem" safida 12 yildan beri o‘ynamoqda — himoyachi 2014 yilda "Suonsi" klubidan London jamoasiga ko‘chib o‘tgan edi. 33 yoshli futbolchi "shporlar" libosida jami 363 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 10 ta gol va 26 ta golli uzatmani yozdirib qo‘ygan.