Tennischilikda yangi tarix: o‘zbekistonlik qizlar WTA reytingida 6 nafarga yetdi
Xalqaro ayollar tennisi uyushmasi (WTA) 16 iyun holatiga ko‘ra haftalik yangilangan reytingni e’lon qildi. Dunyoning eng kuchli tennischilari orasida hali ham belaruslik Arina Sobolenko peshqadamlikni mustahkam saqlab turibdi. Amerikalik Coco Gauff va Jessica Pegula esa ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni boy bermagan. Xitoylik Zheng Qinwen bir pog‘ona yuqorilab, dunyoning to‘rtinchi raketkasiga aylandi.
Yurtimiz tennischilari uchun ham bu hafta tarixiy natijalar bilan yodda qoldi. Endilikda WTA reytingidagi o‘zbekistonlik qizlar soni 6 nafarga yetdi.
Eng katta sakrashni Toshkentdagi muvaffaqiyatli ishtirok orqali Darya Shubina amalga oshirdi — u 207 o‘rin yuqorilab, mamlakatimizdagi uchinchi raqamli tennischiga aylandi. Vlada Yakshibarova 21 pog‘onaga ko‘tarilib, yana O‘zbekistonning birinchi raketkasi maqomini mustahkamladi. Nigina Abduraimova esa 6 o‘ringa oshib, ikkinchi raqamda qoldi.
Milana Maslenkova va Sabrina Olimjonova muvaqqat bir necha o‘ringa pasaygan bo‘lsa-da, reytingda o‘z pozitsiyalarini saqlab turibdi. Yangi nom — Diana Yakovleva ham ro‘yxatdan o‘rin oldi.
🇺🇿 WTA reytingidagi o‘zbekistonlik tennischilar (16 iyun holati):
• 871. Vlada Yakshibarova – 28 ochko (+21)
• 975. Nigina Abduraimova – 21 ochko (+6)
• 1204. Darya Shubina – 9 ochko (+207)
• 1323. Milana Maslenkova – 6 ochko
• 1389. Sabrina Olimjonova – 4 ochko
• 1414. Diana Yakovleva – 3 ochko (yangi ishtirokchi)