Sergey Fomin Sofiyada dramatik uchrashuvda asosiy to‘rdan mahrum bo‘ldi
Bolgariyaning Sofiya shahrida tennis bo‘yicha Challenger 50 toifasidagi Genesis Traiding Cup musobaqasi bo‘lib o‘tmoqda. Mukofot jamg‘armasi 54 ming yevroga teng turnirda hamyurtimiz, mamlakatimizning ikkinchi raketkasi Sergey Fomin saralash bosqichidan ishtirokini boshlagandi.
1/2 finalda hindistonlik Prajval Devni 6/4, 6/4 hisobida mag‘lub etgan Fomin finalda asosiy to‘r yo‘llanmasi uchun bolgariyalik Viktor Markovga qarshi maydonga tushdi. Markov bir kun oldin saralashning 1/2 finalida uchinchi raqamli Petr Nesterovni yirik 6/1, 6/3 hisobida mag‘lub etib, sensatsiya yaratgandi.
Duel ikki soat 30 daqiqa davom etdi. Markov 6/4, 2/6, 7/5 hisobida g‘alaba qozondi. Fomin uchinchi setda uch bor matchboldan qutulib ketdi, ammo hal qiluvchi geymda mag‘lub bo‘ldi. Bahsda Markov 11 ta, Fomin esa 7 ta eys amalga oshirdi. Qo‘shxatolar soni — Markovda 10, Fominda 8.
ATP reytingida Fomin 478-o‘rinda, Markov esa 1689-pog‘onada turadi. Saralashga imtiyozli yo‘llanma bilan qo‘shilgan Markov endi asosiy turnirda bosh sovrin uchun kurashini davom ettiradi.