Sergey Fomin Shymkentdagi ITF M15 turniri yarim finaliga yo'l oldi
Qozog'istonning ikkinchi yirik shahri — Shymkentda ITF M15 turkumiga kiruvchi tennis turniri davom etmoqda. Musobaqada O'zbekistonning ikkinchi raqamli tennischisi Sergey Fomin yaxshi natija ko'rsatmoqda.
Chorak finalda o'tgan to'qnashuvda Fomin rossiyalik Konstantin Jjenov ustidan qiyin g'alabaga erishdi. Uchrashuv 3 soat 10 daqiqa davom etdi va Sergeyning 6:3, 6:7(6), 6:4 hisobidagi g'alabasi bilan yakunlandi. Turnirning birinchi raqam ostida qatnashgan Fomin hozirda ATP reytingida 461-o'rinda bormoqda. Uning raqibi esa 1658-pog'onada turadi. Eslatib o'tamiz, Sergey 1/8 finalda ham 2 soat 50 daqiqa davom etgan og'ir uch setli bahsda 994-raqamli tennischini mag'lub etgan edi. 26 aprel kuni yarim finalda Fomin polyak tennischisi Jaji Zdrajix (ATP 884) bilan kuch sinashadi.
Bundan tashqari, juftlik bahslarida ham Sergey Fomin Pavel Verben bilan birga finalga yo'l oldi. Finalda ular nemis-belgiyalik juftlikka qarshi o'ynaydi.