Roland Garros Junior: O‘zbekistonlik tennischilar chorak finalda
Qozog‘istonning Olma-Ota shahrida start olgan Roland Garros Junior Series by Renault turnirida o‘zbekistonlik yosh tennischilar muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. U-16 yosh toifasidagi bellashuvlar doirasida Vatanimiz sharafini himoya qilayotgan uch tennischi musobaqaning chorak finaliga yo‘l oldi.
Qizlar o‘rtasida Veronika Jeparova eronlik Mozhan Abedlatini 6:1, 6:0 hisobida mag‘lub etdi. Emili Kim esa iordaniyalik Nuur Selin Saej ustidan 6:1, 6:1 hisobida ishonchli g‘alabaga erishdi.
O‘g‘il bolalar bahsida Mahmudbek Beknazarov qozog‘istonlik Daniyel Yurekli bilan murosasiz uchrashuv o‘tkazdi. Ilk setni boy berganiga qaramay, u keyingi ikki setda ustunlikni qo‘lga olib, 5:7, 6:4, 6:1 hisobida zafar quchdi.
Mazkur musobaqa Markaziy va G‘arbiy Osiyoning eng kuchli yosh tennischilarini bir joyga jamlab, ularga Fransiyada o‘tadigan Roland Garros Junior Series finalida qatnashish imkonini beradi. Turnir 9 avgust kuni o‘z nihoyasiga yetadi.