Maksim Shin Toshkentdagi ITF xalqaro musobaqasida juftliklar bahsida g'olib bo‘ldi
O‘zbekistonlik tennischi Maksim Shin italiyalik sherigi Lorenzo Lorusso bilan birgalikda Toshkentda o‘tkazilgan ITF M15 toifasidagi musobaqaning juftliklar bellashuvida chempionlikni qo‘lga kiritdi.
19–25-may kunlari poytaxtimizdagi “Saxovat” sport majmuasida Hayot Bank Sir xalqaro tennis turniri bo‘lib o‘tdi. Ushbu musobaqada O‘zbekiston, Hindiston, Qozog‘iston, Rossiya, Belarus, Italiya, Shveytsariya, AQSh, Yaponiya, Niderlandiya, Kanada, Gruziya, Ukraina va Buyuk Britaniya kabi 14 davlatdan tennischilar ishtirok etdi.
Musobaqa ITF World Tennis Tour professional seriyasi doirasida o‘tkazildi va yagona hamda juftliklar yo‘nalishini qamrab oldi. Uning umumiy mukofot jamg‘armasi 15 000 dollarni tashkil qildi.
O‘zbekiston sharafini Maksim Shin, Amir Milushev, Damir Abdusamadov, Botir Sapaev, So‘hrob Saidov va Abdulaziz Usmonjonov himoya qildilar.
Juftliklar finalida Maksim Shin va Lorenzo Lorusso Hindiston tennischilari ustidan g‘alaba qozonishdi. Qayd etish joiz, bu yutuq Shin uchun kasbiy faoliyatidagi ilk juftlik chempionligi bo‘lib, uni aynan o‘z yurti Toshkentda qo‘lga kiritdi.