Lorenso Muzetti jarohat sababli «Rolan Garros — 2026» turnirini o‘tkazib yuboradi
Dunyoning 10-raketkasi, italiyalik tennischi Lorenso Muzetti jarohati sababli joriy yilgi «Rolan Garros» turnirida ishtirok eta olmaydi. Bu haqda sportchi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ma’lum qildi.
Ushbu qarorga tennischining Rimdagi uy turniri 1/8 finalida Kasper Ruudga (3:6, 1:6) qarshi o‘yindan so‘ng o‘tkazilgan tibbiy ko‘rik natijalari sabab bo‘lgan. Tekshiruvlar natijasida tennischining son sohasidagi to‘g‘ri mushaklarida jarohat aniqlangan.
«Kechagi o‘yindan so‘ng tibbiy ko‘rikdan o‘tdim va u sonning to‘g‘ri mushagi jarohatlanganini ko‘rsatdi. Shu sababli bir necha hafta davomida dam olishim va tiklanishimga to‘g‘ri keladi. Afsuski, bu Gamburgdagi turnir va «Rolan Garros»da qatnasha olmasligimni anglatadi. Bu men uchun nihoyatda og‘ir xabar.
Rimdagi ajoyib qo‘llab-quvvatlash uchun barchaga chin qalbdan minnatdorchilik bildiraman: aynan shu sababli ham, 100 foiz tayyor bo‘lmasam-da, kortga chiqishga va bor kuchimni berishga qaror qilgan edim. Sizlarni yangiliklardan xabardor qilib boraman», — deb yozadi Muzetti.
Eslatib o‘tamiz, Lorenso Muzetti 2025 yilgi Parij kortlarida o‘tkazilgan bahslarda yarimfinalga qadar yetib borgan edi.