Karolin Garsiya 31 yoshida tennischilik faoliyatini yakunlashini e'lon qildi
Fransiyalik mashhur tennischi, sobiq dunyoning to‘rtinchi raqamli sportchisi Karolin Garsiya professional tennischilik faoliyatini yakunlashini e’lon qildi. 31 yoshli sportchi bu haqda shaxsiy ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yozdi.
— Aziz tennis, xayrlashish vaqti keldi. 15 yillik elita darajasidagi musobaqalar va 25 yillik hayotimni to‘liq senga bag‘ishlaganimdan so‘ng, endi yangi bobni boshlashga tayyorman. Bu yo‘l oson kechmadi. Tennis men uchun shunchaki g‘alaba yoki mag‘lubiyat emas, balki muhabbat va nafrat, baxt va g‘azab aralash hislar edi. Shunga qaramay, bu sport turi menga kuchli, mehnatsevar va hissiyotga boy ayol bo‘lishimda yordam berdi, — deb yozdi Garsiya.
Karolin Garsiya faoliyati davomida yakka bahslarda 11 ta chempionlikni qo‘lga kiritdi, jumladan Itogiy turnir va uchta "Masters" unvonini. Juftlik bahslarida esa u ikki marta "Rolan Garros" turnirida g‘alaba qozondi.