Alkaraz soʻnggi toʻrtta «Katta Dubulgʻa»ning uchtasida gʻalaba qozondi
Dunyoning birinchi raqamli tennischisi Karlos Alkaras zamonaviy tennisda o‘z hukmronligini o‘rnatishda davom etmoqda. 22 yoshli ispan iqtidor egasi so‘nggi to‘rtta «Katta dubulg‘a» turnirining uchtasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
«Australian Open – 2026» finalida Karlos afsonaviy Novak Jokovichni to‘rt setda (2:6, 6:2, 6:3, 7:5) taslim etib, o‘zining ettinchi titulini rasmiylashtirdi.
Ayni damda Alkaras «Rolan Garros» va «US Open» turnirlarining ham amaldagi chempioni hisoblanadi. E’tiborlisi, har ikki musobaqa finalida u o‘zining asosiy raqibi Yannik Sinnerga qarshi kortga chiqqan. «Rolan Garros – 2025» finalidagi 5 setlik dramatik bahsda (4:6, 6:7, 6:4, 7:6, 7:6) ispan yulduzining qo‘li baland kelgan bo‘lsa, «US Open» hal qiluvchi o‘yinida ham u italiyalik raqibini 3:1 hisobida mag‘lub etgan edi.
Faqatgina «Uimbldon-2025» finalida Sinner Alkarasni to‘xtatib qolishga muvaffaq bo‘lgan.
Avstraliyadagi ushbu muvaffaqiyat Karlos uchun faoliyatidagi birinchisi bo‘ldi. Endilikda uning hisobida barcha turdagi «Katta dubulg‘a» sovrinlari mavjud: u bungacha qolgan uchta nufuzli turnirda ikki martadan zafar quchishga ulgurgan edi.