Yoshlar orasida faol va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida — kamondan otish bo‘yicha mahorat darslari o'tkazildi
Mamlakatimizda kamondan otish sport turini ommalashtirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va yoshlar uchun mazmunli bo‘sh vaqt tashkil etish maqsadida ushbu sport turi bo‘yicha muntazam ravishda mahorat darslari o‘tkazib kelinmoqda. Ushbu tadbirlar O‘zbekiston Kamondan otish federatsiyasi hamda Milliy gvardiya hududiy boshqarmalari hamkorligida amalga oshirilmoqda.
Mazkur mashg‘ulotlar respublikamizning barcha hududlaridagi maktablar va mahallalarda tashkil etilmoqda. Jumladan, Xorazm, Namangan viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan mahorat darslari davomida ishtirokchilar kamondan otish asoslari, nishonga olish texnikasi, xavfsizlik qoidalari va ushbu sport turining o‘ziga xos jihatlari bilan tanishishdi. Tajribali murabbiylar tomonidan o‘tkazilgan mashg‘ulotlar bolalarda katta qiziqish uyg‘otdi — ular faol ishtirok etib, ko‘plab savollar bilan murojaat qilishdi.
Jizzax viloyatida esa tadbir Milliy gvardiyaning harbiy qismida tashkil etildi. Bu esa maktab o‘quvchilari uchun alohida taassurot qoldirdi: ular nafaqat kamondan otishni o‘rgandilar, balki Vatan himoyachilarining xizmat sharoitlari bilan yaqindan tanishib, harbiy xizmatchilarga o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berishdi.
Bunday tadbirlar yoshlarning jismoniy rivojlanishiga xizmat qilish bilan birga, ularda harbiy xizmatga nisbatan hurmat tuyg‘usini oshiradi, vatanparvarlik ruhini shakllantiradi hamda faol va sog‘lom hayot tarziga bo‘lgan motivatsiyani kuchaytiradi.