Yoshlar kuchi — kelajak poydevori: O‘zbekiston chempionati yakunlari sarhisobi
Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida o‘smirlar (U-17) va kichik o‘smirlar (U-15) o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionati yuqori saviyada tashkil etilib, muvaffaqiyatli yakunlandi. To‘qqiz kun davom etgan nufuzli musobaqada mamlakatimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan 400 nafardan ortiq iqtidorli yosh sportchilar g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
Jami 29 ta jamoa ishtirok etgan ushbu chempionat keskin va murosasiz bellashuvlarga boy bo‘ldi. Kichik o‘smirlar o‘rtasidagi bahslarda 24 ta jamoa kamida bittadan medalni qo‘lga kiritishga erishgan bo‘lsa, Buxoro OPSTTM, Samarqand viloyati, Toshkent shahri, Jizzax viloyati hamda Guliston OPSTTM jamoalari bu safar medalchilar safidan joy ola olmadi.
O‘smirlar (U-17) o‘rtasida esa ayrim jamoalar uchun musobaqa kutilgan natijalarni bermadi. Xususan, Navoiy viloyati, Samarqand viloyati, Jizzax OPSTTM, Jizzax viloyati, Farg‘ona viloyati hamda Toshkent shahri jamoalari chempionatni medalsiz yakunladi.
Mazkur chempionat o‘zining rekordlarga boyligi bilan ham alohida e’tiborga loyiq bo‘ldi. Kichik o‘smirlar o‘rtasida Soliha Bahodirova, Munisa Boltayeva, Mushtariy Uralova, Boburjon Shoirov, Navruz Narzullayev hamda Ma’murjon Bahodirov o‘z vazn toifalarida yangi mamlakat rekordlarini o‘rnatdi.
O‘smirlar toifasida esa Malika Xo‘janazarova, Toxir Turobov, Hulkar Ro‘ziqulova, Munisaxon Abduraimova va Alisher Osmanov yuqori natijalar qayd etib, rekordlarni yangilashga muvaffaq bo‘lishdi.
Shuningdek, musobaqani adolatli va shaffof o‘tkazish maqsadida doping nazorati tizimi ham yo‘lga qo‘yildi va barcha jarayonlar xalqaro talablar asosida olib borildi. Bu esa bellashuvlarning xolis va halol ruhda o‘tishini ta’minladi.
Bundan tashqari, mazkur chempionat joriy yil avgust oyida poytaxtimizda o‘tkazilishi rejalashtirilgan o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati uchun muhim saralash bosqichi vazifasini ham bajardi. Terma jamoa murabbiylar shtabi yosh sportchilarning jismoniy va texnik holatini sinovdan o‘tkazib, kelgusi xalqaro musobaqalar oldidan zarur xulosalar chiqardi.
Umuman olganda, chempionat yuqori saviyada, murosasiz va kurashlar ostida tashkil etilib, yosh sportchilarning mahoratini yana bir bor namoyon etdi.
Barcha ishtirokchilarga kelgusi musobaqalarda ham ulkan zafarlar va yangi marralar zabt etishlarini tilaymiz.